Toshkentda zararkunandalarga qarshi tabiiy usullar qo‘llanilmoqda
Poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab turgan yashil maydonlarda parvarish etilayotgan manzarali va mevali daraxtlar, gullar hamda butasimon o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari tomonidan tumanlar hududlarida mavjud ignabargli mojjevelnik daraxtlariga maxsus ishlov berish, shahar hududida tabiiy biofonni shakllantirish hamda biologik kurash tizimini keng miqyosda joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Shuningdek, foydali entomofag hisoblangan tabiiy “oltinko‘z” hasharotlarini hududlarga tarqatish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektori Nodira Mamajonovaning ta’kidlashicha, yer yuzida ignabargli o‘simliklarning 400 ga yaqin navi mavjud. O‘zbekistonda esa archa turkumiga mansub turlar keng tarqalgan. Ushbu o‘simliklarning asosiy zararkunandalaridan biri archa unsimon qurti bo‘lib, mazkur hasharot archaning novda va barglariga o‘rnashib, o‘simlikka jiddiy zarar yetkazadi.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida poytaxtimizdagi istirohat bog‘lari va yashil hududlarda laboratoriya sharoitida yetishtirilgan foydali “oltinko‘z” hasharotlari tarqatilmoqda.

Boshqarma mutaxassisi Surayo Sodiqovaning ma’lum qilishicha, poytaxt yashil maydonlarida parvarish qilinayotgan daraxt va butalarning sog‘lomligini saqlash, bioxilma-xillikni asrash hamda qushlar biofondini boyitish maqsadida yashil hududlarga qush uyalari o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda.
Bu esa qushlarni muhofaza qilish bilan birga, ularning ko‘payishi va tarqalishiga xizmat qiladi. Shu orqali zararli organizmlarning o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sirini kamaytirishga erishilmoqda.

Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektori Umidjon Abdushukurovning ta’kidlashicha, poytaxtning fitosanitar tozaligini ta’minlash, shahar hududida tabiiy biofonni shakllantirish va biologik kurash tizimini keng joriy etish manzarali hamda mevali daraxtlarni turli kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Amalga oshirilayotgan tadbirlar poytaxtimiz yashil maydonlarini asrash, shahar ekologiyasini yaxshilash va aholi uchun sog‘lom muhit yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA