Teatr jamoalari hamkorligi yangi bosqichga ko‘tariladi
Andijon - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomi doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOYga a’zo davlatlar madaniyat va san’at vakillari ishtirokidagi tadbirlar davom etmoqda.
Bugun Turksoy xalqaro teatr festivali doirasida Andijon musiqali drama teatrida Qirg‘iz Respublikasining Toktagul Azibayev nomidagi Oloy musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Sog‘inch” nomli spektakl namoyish etildi.
Namoyishdan so‘ng tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan ushbu spektakl hakamlar hay’ati, mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.


Kunning ikkinchi yarmida esa XII TURKSOY teatr rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iz davlatlarining teatr san’ati sohasi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va sahna san’ati an’analarini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash hamda teatr san’atining istiqbollarini belgilash yo‘lidagi muhim muloqot maydoniga aylandi.
Yig‘ilish davomida turkiy xalqlar teatr jamoalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, teatrlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy sahna ijodining dolzarb masalalari, tomoshabinga manzur bo‘ladigan, odamlarni tafakkurini yuksaltirishga, mushohada qilishga chorlaydigan asarlarni yaratish, turkiy xalqlar teatr san’ati an’analarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.


Shuningdek, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan amaliy taklif, fikr va mulohazalar ilgari surildi. Yig‘ilishda teatr san’ati xalqlarni birlashtiruvchi, ma’naviyatni yuksaltiruvchi, milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarni mustahkamlovchi eng muhim vosita ekanligi ta’kidlandi.

TURKSOY tadbirlari doirasidagi teatr jamoalarining spektakl namoyishlari, teatr sohasi vakillarining uchrashuvi turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamjihatlikni yanada mustahkamlash, teatr san’atini yangi ijodiy g‘oyalar va hamkorlik tashabbuslari bilan boyitishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari