Qardosh xalqlar do‘stligi musiqa sadolarida
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan «Do‘stlik konserti»da ozarbayjon musiqa san’atining betakror namunalari ijro etildi.
Milliy ohanglar va jozibali kuylarga boy musiqiy dastur O‘zbekiston davlat filarmoniyasining «So‘g‘diyona» xalq cholg‘ulari kamer orkestri tomonidan taqdim etildi. Ozarbayjon bastakorlarining asarlari orqali tinglovchilar qardosh xalqning boy musiqiy merosi, o‘ziga xos ijro uslubi va milliy an’analari bilan yanada yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Orkestr ijrosida yangragan har bir kuy o‘ziga xos musiqiy jozibasi, ohanglar uyg‘unligi va ta’sirchanligi bilan ajralib turdi. Orkestrning badiiy rahbari, O‘zbekiston san’at arbobi Firuza Abdurahimova rahbarligida tayyorlangan dastur ijrochilarning mahorati va musiqaga bo‘lgan yuksak mas’uliyatini namoyon etdi.

Musiqiy kechada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mohichehra Shomurodova, Rustam Alimardonov, Muhammadali Jo‘rayev va boshqa xonandalar ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi. Ular tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar konsertga alohida fayz bag‘ishlab, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir davomida musiqa ikki xalqning qalbini bog‘lovchi, umumiy qadriyatlar va ma’naviy yaqinlikni ifoda etuvchi kuch ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi. Zero, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini azaldan mushtarak tarix, boy madaniy meros va o‘zaro hurmat rishtalari birlashtirib keladi.

«Do‘stlik konserti» ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, milliy san’at namunalarini keng targ‘ib etish va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Konsert yakunida yangragan samimiy olqishlar esa san’atning chegara bilmasligi, musiqa orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik yanada yuksalishini yaqqol namoyon etdi.
N.Usmonova,
O‘zA