TATUda xorijiy ekspertlar bilan tajriba almashildi
Zamonaviy jurnalistika va raqamli ta’limda xalqaro tajriba muhim.
Bu borada xorijiy mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilish, ularning tajribasini yoshlarga yetkazish esa yangi g‘oyalar uchun muhim maydon yaratadi.

Shu maqsadda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida xalqaro mediaforum doirasida xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Ozarbayjonning yetakchi «Report» axborot agentligi direktori va bosh muharriri Fuad Guseynaliyev hamda Malayziyaning nufuzli Universiti Teknologi MARA (UiTM) professori, raqamli ta’lim va innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro mutaxassis doktor Badrul Isa ishtirok etdi.
Mahorat darsida zamonaviy media va jurnalistikadagi yangi yondashuvlar, xalqaro media tajribasi, raqamli ta’lim imkoniyatlari hamda innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, bugun axborotni tezkor yetkazishning o‘zi yetarli emasligi, zamonaviy jurnalistdan raqamli vositalardan samarali foydalanish, ishonchli axborot bilan ishlash va auditoriya ehtiyojini anglash kabi ko‘nikmalar ham talab etilayotgani ta’kidlandi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda talabalar xorijiy ekspertlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, media sohasidagi xalqaro tajriba bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Mehmonlar esa ishtirokchilarga kasbiy faoliyatda samaradorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Tashrif doirasida xorijiy mehmonlar TATUning zamonaviy infratuzilmasi bilan ham tanishdi. Jumladan, ilmiy markazlar, Oliy muhandislik maktabi, Living Lab va FabLab, o‘quv media markazi hamda innovatsion laboratoriyalar faoliyati ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bunday uchrashuvlar talabalar uchun nafaqat yangi bilim va tajriba, balki xalqaro muhitda fikrlash, zamonaviy kasbiy yondashuvlarni o‘zlashtirish va sohadagi yangi tendensiyalarni bevosita mutaxassislardan o‘rganish imkonini beradi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA