Uychida energiya saqlash stansiyasi ishga tushdi
Namangan viloyatining Uychi tumanida zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 100 MVt/200 MVt·soat quvvatga ega energiya saqlash elektr stansiyasi (“EPC”) foydalanishga topshirildi.
Loyiha egasi “Energy China Namangan Kizil-Ravot battery energy storage system fe” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lib, umumiy qiymati 100 million AQSH dollarini tashkil qiladi.

Stansiyani bunyod etishda Xitoy Xalq Respublikasining “Huawei” brendi litiy-temir-fosfat (“LFP”) texnologiyasiga asoslangan elektrokimyoviy energiya saqlash batareyalaridan foydalanildi. Ob’ektning umumiy o‘rnatilgan quvvati 100 MVt, energiya saqlash sig‘imi esa 200 MVt·soatni tashkil etadi.

Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushgach, mamlakatimiz elektr tarmog‘iga yiliga taxminan 580 million kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Stansiya taqdimot marosimida Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Mazkur loyihaning afzalligi shundaki, elektr energiyasiga talab past bo‘lgan vaqtda – tarmoqda ortiqcha elektr energiyasi mavjud bo‘lganda, batareya tizimi elektr energiyasini qabul qilib, zaxira sifatida saqlaydi.

Talab keskin oshgan vaqtda aholi va korxonalar iste’moli ko‘payib, tarmoqda yuklama ortganda, tizimda saqlangan elektr energiyasi tarmoqqa qayta uzatiladi.

Bu esa o‘z navbatida, elektr tarmog‘idagi yuklamani muvozanatlashtirish, kuchlanish pasayishining oldini olishga ko‘maklashish, yuqori talab davrida elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, ortiqcha elektr energiyasini saqlab, zarur vaqtda undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Mazkur loyiha hududning energetik salohiyatini oshirish, elektr tarmog‘ining barqarorligini ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.