Tataristonda “Hozirgi zamon o‘zbek hikoyasi antologiyasi” nashr qilindi
Keyingi yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro aloqalari tobora kengayib bormoqda. Bu esa o‘zbek so‘z san’atiga oid kitoblarning xorijda chop etilishida, milliy adabiyotimizni targ‘ib va tashviq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qozon shahrida “Hozirgi zamon o‘zbek hikoyasi antologiyasi” tatar tiliga tarjimada chop etildi.
Mazkur kitobga bugungi kunda faol ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan o‘ttizdan ziyod o‘zbek yozuvchisining hikoyalari kiritilgan. Antologiyada Ne’mat Arslon, Muhammad Ali, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Xurshid Do‘stmuhammad kabi ustoz adiblar, shuningdek, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo‘ldosh, Isajon Sulton, Risolat Haydarova, G‘afur Shermuhammad kabi taniqli yozuvchilar, Baxtiyor Abdug‘afur, Jasur Kengboyev, Nodirabegim Ibrohimova, Sanjar Tursunov, Furqat Alimardon kabi yosh ijodkorlar, Matluba Yusuf Oxund, Gulchehra Asronova kabi viloyatlarda istiqomat qilayotgan nosirlarning sara hikoyalari bor.
«Hozirgi zamon o‘zbek hikoyasi antologiyasi» Tatariston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy tarjima markazi tomonidan tatar tiliga o‘girilib, “Yazuchi” nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlangan.
– Mazkur to‘plam O‘zbekiston va Tatariston Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasidagi adabiy hamkorlik loyihasi doirasida nashr etildi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining tashkiliy va nashr ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Ayni damda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Zamonaviy tatar hikoyasi antologiyasi”ni chop etishga taraddud ko‘rmoqda. O‘ttizdan ziyod tatar yozuvchilarining hikoyalari yosh tarjimon Feruz Ne’matullayev tomonidan bevosita asliyatdan o‘zbekchaga o‘girildi.
“Zamonaviy tatar hikoyasi antologiyasi” ham o‘zbek kichik nasri antologiyasi kabi bugungi kunda faol ijod qilayotgan ustoz adiblar, taniqli yozuvchilar va umidli yosh nosirlarning sara hikoyalaridan tarkib topgan.
N.Usmonova,
O‘zA