Tasviriy va amaliy san’atning yirik namoyishi
Aprel oyi mamlakatimizda ijodiy-ma’rifiy loyihalarga boyligi bilan yurtdoshlarimiz va mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarga manzur bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro Tasviriy va amaliy san’at festivali hamyurtlarimiz va chet ellik mehmonlarga birdek katta taassurot qoldiradigan ana shunday ijodiy loyihalardan sanaladi.
Bu yilgi festival "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"ga bag‘ishlanishi bilan ahamiyatli.
20-24-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu festival mamlakatimizning nafis va amaliy san’atida bo‘layotgan ijodiy jarayonlar, yangilik va o‘zgarishlarni keng jamoatchilik, xalqimiz va chet ellik mehmonlarga namoyish etish, ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish, yoshlar ijodini faol qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Festival doirasida ushbu ijodiy loyiha dasturi, uning ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Festivalning o‘zi esa poytaxtimizdagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi bog‘i hududidagi Kamoliddin Behzod haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlanadi.
Markaziy ko‘rgazmalar zalida festivalning ochilishi chin ma’noda san’at, ma’rifat, iste’dod bayramiga aylanib ketishi aniq.
Festival doirasida bir qator ko‘rgazmalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Xurshid Ziyoxonovning “Sharq kubizmi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi, Toshkent xalqaro Kimyo universitetining “Libos dizayni” kafedrasi talabalari tomonidan tayyorlangan zamonaviy va an’anaviy liboslar namoyishi, Burju Gyunayning “Bahoriy marosimlar” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi (Turkiya), Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining "Ijod va texnologiya chorrahasi: Sanoat dizayni" ko‘rgazmasi festivalga rang-baranglik bag‘ishlaydi.
Fransiyalik fotorassom Erik Gurlanning “Orol dengizi: xotira va ulug‘vorlik” nomli fotoko‘rgazmasi ko‘pchilik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan zamonaviy va an’anaviy liboslar namoyishi, “Rossiya va O‘zbekiston madaniyatlari muloqoti” “Art-karvon” ijodiy guruhi ko‘rgazmasi ham muxlislarga manzur bo‘lishi shubhasiz.

Tadbir doirasida xorijlik ijodkorlar Toshkent va Samarqandga sayohat qiladi. Umuman olganda mazkur festival istiqlol yillarida, ayniqsa, yangilanish davrida milliy tasviriy va amaliy san’atimiz yo‘nalishida erishilgan yuksak natijalarni san’at ixlosmanddari va jahonga tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri