Ta’sirchan jamoatchilik nazorati – taraqqiyot kafolati
Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi “Ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi roli: ochiqlik, xolislik va jamoatchilik fikri” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mamlakatimizda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda kuchli jamoat nazoratini o‘rnatib, qonun ustuvorligi hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatli himoyalashga xizmat qilayotgani, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari, davlat va boshqaruv organlari axborot xizmatlarining alohida o‘rni borligi qayd etildi.

Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirib, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini ta’minlashda OAVdan samarali foydalanish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning ahamiyati xususida fikr almashdi. Media makonida axborotni ommaga yetkazish uslublari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda axborot xizmati xodimlari va OAV ning hamkorlik masalalari muhokama etildi.


Qizg‘in bahs-munozaraga boy bo‘lgan tadbirda axborot makonida xolislik va haqqoniylikni ta’minlash, jamoatchilik fikrini shakllantirishda OAVning ta’sirini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, sohani yanada rivojlantirish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, davlat organlari va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash yuzasidan taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri