“Tashabbusli byudjet”da ovoz to‘plolmagan MTT masalasi, 6 yillik nizo deputatlar e’tiborida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Oydin Abdullayeva va Yelena Borisova Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi bir qator ijtimoiy ob’ektlar holatini o‘rgandi.
Jumladan, 459-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining joriy holati ko‘zdan kechirildi. Mazkur muassasa “Tashabbusli byudjet” doirasida kanalizatsiya va isitish tizimini ta’mirlash loyihasi bilan ishtirok etgan bo‘lsa-da, yetarli ovoz to‘play olmagani sababli g‘olib deb topilmagan.

Shu munosabat bilan deputatlar ushbu loyihaning dolzarbligi hamda uni davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rgandi. Muassasa mas’ullarining fikrlari tinglanib, masala yuzasidan xulosa olish maqsadida Yangihayot tumani hokimi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida mazkur muassasada kanalizatsiya va isitish tizimini ta’mirlash uchun zarur mablag‘larni ajratish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
****
Yashnobod tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkor Bobur Abdujalilov joriy yilning 18-martida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari nomiga murojaat yuborgan edi. Murojaatda "O‘rta masjid" MFY hududidagi "Gumbaz" qurilish materiallari savdo majmuasida ikki tadbirkor o‘rtasida 2020-yildan buyon davom etayotgan nizo bayon qilingan.

Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva hamda Yashnobod tuman Kengashi deputatlari Ibrohim Rasulov va Alisher Karimovlar mazkur masalani joyida o‘rganish uchun hududda bo‘ldi.
O‘rganish davomida tadbirkor ushbu masala yuzasidan tegishli idoralarga bir necha marta murojaat qilgani, ammo muammo hanuzgacha hal etilmagani ma’lum bo‘ldi. Deputatlar tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va murojaatda ko‘rsatilgan bosim holatlariga chek qo‘yish maqsadida barcha taraflar ishtirokida jamoatchilik eshituvi o‘tkazishni taklif qildi.
Eshituvni belgilangan muddatda yuqori saviyada tashkil etish va mas’ul idoralar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar Yashnobod tumani hokimligi zimmasiga yuklatildi. Masala deputatlar nazoratiga olinib, nizoga qonuniy va adolatli yechim topish bo‘yicha ishlar davom ettiriladigan bo‘ldi.
M.Komilova,
O‘zA