Tashabbus: ehtiyojmand oilalarga yana bir qulaylik yaratilmoqda
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida yomg‘ir suvini yig‘ish va undan tomorqalarni sug‘orishda foydalanish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Tashabbus doirasida Qiyqim mahallasidagi ehtiyojmand oilalarning 8 ta xonadoniga yog‘ingarchilik paytida suvni to‘plash va maxsus sig‘imlarda saqlash tizimlari o‘rnatiladi. Yig‘ilgan suvdan tomorqalarni tejamkor sug‘orishda foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mahalladagi tomorqalarni suv bilan ta’minlovchi Oqtepasoyda yoz oylarida suv miqdorining kamayishi aholining ekinlar, mevali daraxtlar va tokzorlarni sug‘orishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ayrim xonadonlarda suv tanqisligi tufayli bog‘ va tokzorlar qurib qolayotgani, ekin ekish mumkin bo‘lgan yerlar esa bo‘sh yotgani qayd etilgan.

Xonadonlarni tanlash ishlari tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi va mahalla fuqarolar yig‘ini hamkorligida amalga oshiriladi.
Tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Qishloq turizmi va yashil iqtisodiyot” uyushmasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi davlat buyurtmachisi, uyushma esa loyihaning bevosita ijrochisi sifatida ishtirok etadi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Qo‘shrabot tumanida o‘rtacha ko‘p yillik yog‘ingarchilik miqdori 389 millimetrni tashkil etadi. Tomi 100 kvadrat metr bo‘lgan xonadonda bir yil davomida 38 tonnagacha yomg‘ir suvini yig‘ish mumkin.

Yig‘ilgan suv 10 sotix tomorqadagi mevali daraxtlarni tomchilatib sug‘orish ehtiyojining 45-50 foizini, sabzavotlarni tomchilatib sug‘orish ehtiyojining esa 30-35 foizini qoplashi mumkin.
Loyiha suv tanqisligi ta’sirini kamaytirish, tomorqalardan samarali foydalanish va aholining qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Tashabbus doirasida olingan natijalar asosida kelgusida yomg‘ir suvini yig‘ish va undan samarali foydalanish texnologiyalarini suv tanqisligi kuzatiladigan boshqa hududlarda ham qo‘llash imkoniyatlari o‘rganiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA