O‘zbekiston Global innovatsiya indeksida 77-o‘rinni egalladi
O‘zbekistonning innovatsion salohiyati xalqaro reytingdagi natijalarda yana bir bor o‘z ifodasini topdi. 2026-yilgi Global innovatsiya indeksida mamlakat 139 ta davlat orasida 77-o‘rinni egalladi. Bu 2025-yildagi natijaga nisbatan 2 pog‘ona yuqori ko‘rsatkir.
O‘zbekiston quyi va o‘rta daromadli davlatlar guruhida ham yuqori natija qayd etdi. Ushbu toifaga kiruvchi 36 ta mamlakat orasida 8-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidagi 11 ta davlat orasida 4-o‘rindan joy oldi.
2026-yilgi Global Innovation Index (GII) hisoboti 29-sentabr kuni e’lon qilindi. Reyting Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan AQSHning Portulans instituti, korporativ va akademik tarmoqlar hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanadi. U mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion rivojlanish holatini baholashga xizmat qiladi.
Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, indeksda mamlakatlarning innovatsion salohiyati 2 ta asosiy subindeks va 7 ta yo‘nalish guruhi bo‘yicha tahlil qilinadi. Baholash jarayonida 80 ga yaqin indikatordan foydalaniladi.
O‘zbekiston innovatsiyalarga yo‘naltirilayotgan sarmoya va resurslarni aks ettiruvchi “innovation input” subindeksida 68-o‘rinni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat bir yilda 1 pog‘ona yuqorilagan.
Innovatsiyalar natijadorligini ifodalovchi “innovation output” subindeksida esa 78-o‘rin egallandi. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning natijasi 14 pog‘onaga yaxshilangan.
Ayrim indikatorlar bo‘yicha ham mamlakat jahon miqyosida yuqori o‘rinlarni egalladi. Xususan, “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” ko‘rsatkichida 2-o‘rin, “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” bo‘yicha 3-o‘rin, “Startap va skeylaplarni moliyalashtirish” bo‘yicha 4-o‘rin va “Mehnat unumdorligi o‘sishi” indikatorida 7-o‘rin qayd etildi.
O‘zbekiston Global innovatsiya indeksida 2015-yildan ishtirok etib kelmoqda. O‘sha yili mamlakat 141 ta davlat orasida 122-o‘rinni egallagan. 2025-yilgi reytingda esa 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rinda qayd etilgan.
Innovatsion rivojlanish bo‘yicha kelgusi maqsadlar ham belgilangan. Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2030-yilga qadar O‘zbekistonni dunyodagi yetakchi 60 ta innovatsion davlat qatoriga kiritish vazifasi belgilangan.
Shu hujjatda 2026-yil uchun Global innovatsiya indeksida 77-o‘rinni egallash maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA