Tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasida ko‘plab hamkorlik shartnomalari imzolanadi
Navoiy shahridagi “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida yirik sanoat korxonalari tomonidan tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHBda tashkil etilgan yarmarka faoliyati bilan tanishdi.
– Korxonamiz 2014 yildan o‘z faoliyatini boshlagan, “Andijon energo ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Bahriddin Bo‘ronboyev. – Ayni paytda bu yerda 60 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. 200 turdan ortiq mahsulotlar, jumladan, energetika sohasi uchun turli ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Jamiyatimiz yaqinda tashkil topganligiga qaramay bozordan o‘z o‘rnini topdi. Ayni paytda faoliyatimizni yanada kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. Bunday yarmarkalarda tez-tez qatnashib turamiz. Navoiy viloyatiga o‘z mahsulotlarimiz bilan birinchi kelishimiz. Nasib bo‘lsa, ushbu yarmarkada yaqin hamkorlarimizni topamiz, degan umiddamiz.
– Navoiy kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan sanoat yarmarkasiga bugun Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidan keldik, – deydi “Alfa invest” MCHJ rahbari Umidjon Berdiyev. – Biz yarmarkada ohaktoshdan yasalgan qurilishbop mahsulotlarimiz bilan ishtirok etayapmiz. Ertalabdan buyon ko‘plab qiziquvchilar hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zlarining takliflarini bildirdi.
Yarmarkaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulovlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bugungi kunda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda kooperatsiya aloqalar bo‘yicha yetakchi o‘rini egallamoqda. Xususan, 2020 yilda korxonada umumiy qiymati 352,3 milliard so‘m bo‘lgan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Kombinat tarmoqlararo kooperatsiya doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3,5 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilgan. Birgina, o‘tgan yili import o‘rnini bosuvchi 140 m3 li shartli tegirmon ilk bor Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilib 2,5 million dollar valyuta mablag‘i iqtisod qilingan. 2021 yilda ham kombinatda bu ishlar izchil davom ettirilib, 154 ta loyiha bo‘yicha qariyb 433 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot, shu jumladan, 82 milliard so‘mlik 71 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, joriy yilda sanoat kooperatsiya doirasida 3,8 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar xarid qilish ko‘zda tutilgan.
[gallery-2160]
bugungi kunda, innovatsiya yo‘nalishida NKMK tizimida Innovatsiya markazi, Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Konstruktorlik byurosi, Loyihalashtirish byurosi, joylardagi bo‘linmalari tarkibida laboratoriyalar faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birgalikda, Navoiy davlat konchilik institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham bu jarayonga yaqindan jalb qilingan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan loyihalarning iqtisodiy samarasi 1,3 trillion so‘mni tashkil etadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan 153 mingdan ortiq nashrdan iborat fondga ega kombinat elektron kutubxonasi faoliyat olib bormoqda.
O‘tgan o‘n yilda kombinat mutaxassislari tomonidan 40 dan ortiq ixtirolar O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Germaniya va Shveysariyaning patent idoralari tomonidan patentlandi. Kombinat xodimlarining bu yo‘nalishda olib borayotgan ishlari 2017 yilda Birlashgan Millatlar tashkiloti qoshidagi Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan “Ixtiro uchun” oltin medali bilan taqdirlandi. Hozirgi kunda 17 ta ixtirodan ishlab chiqarish jarayonida foydalanilmoqda, 13 tasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘tkazilayotgan yarmarka doirasida Elektron kooperatsiya portali orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish mo‘ljallangan.
– Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi elektron tijoratda innovatsion texnologiyalarni joriy qilish orqali ishlab chiqaruvchilar uchun mahsulotlarini onlayn namoyish qilish, buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasida masofadan turib shartnoma qilish va tezkor moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratdi, – deydi markaz direktori Farrux Xo‘jamqulov. – Mazkur tadbirlarning barchasi, albatta, hududlar, tarmoq korxonalari va kichik tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalari rivojiga ko‘mak beradi va kelgusida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. bugungi kunda, portalda jami 72 413 ta korxona qamrab olingan, savdo qilinayotgan mahsulotlar soni esa 171 618 taga yetgan. O‘tgan 2020 yilda umumiy qiymati 5375,7 milliard so‘mlik 39 996 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan.
Tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi doirasida bir qator tashkilotlar tomonidan xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish hamda ilm-fan sohalarini faol integratsiya qilish, kimyo klasterlarini tashkil etish, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarni yanada kengaytirish, tarmoq korxonalari tomonidan import qilinayotgan mashinasozlik mahsulotlarini kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish imkoniyatlari, tarmoq korxonalar tomonidan import orqali olib kelinayotgan mahsulotlarini mahalliylashtirish va xususiy biznes sub’ektlari bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, bu borada mavjud muammo va ularning yechimlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
– 2007 yilda o‘z faoliyatini boshlagan korxonamiz tog‘-shaxta sanoati uchun turli turdagi nostandart mahsulotlar ishlab chiqarish, metallga ishlov berish va tegishli sanoat uskunalarini ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi, – deydi Navoiy shahridagi “Gidro stanko servis” MCHJ xodimasi Yuliya Takmanova. – Asosan kon, kimyo, energetika, neftgaz soha va tarmoqlariga xizmat ko‘rsatamiz. Mahsulotlarimiz bilan ichki bozorga kirib borayapmiz.
Tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi davom etmoqda.
Abduvali BO‘RIEV,
Siroj ASLONOV (foto), O‘zA