Targ‘ibot tadbirlari ijobiy natijalar beradi
Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni muhofaza qilish hamda yer qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, ayrim hollarda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish va yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bu esa yer fondidan samarali foydalanishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralarini qo‘llashga asos bo‘lmoqda.
Jumladan, Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan 2026-yilning o‘tgan 5 oyi davomida viloyatda yer qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 1 ming 403 ta holatda 79,02 gektar yer maydoni bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlandi.
– Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga ogohlantirish xatlari va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborildi, – deydi Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Mirzahmedov. – Natijada 1 ming 110 ta qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Bundan tashqari, 79 ta holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborilgan bo‘lsa, 27 ta holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuniga ko‘ra, ularda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan materiallar prokuratura organlariga taqdim etildi.
Nazorat tadbirlari davomida 1 ming 112 ta holatda 134,06 gektar yer maydonidan maqsadsiz foydalanilganligi aniqlanib, shundan 1 ming 99 ta holat bo‘yicha 131,51 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarildi. Qolgan 13 ta holat bo‘yicha tuman hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
Yer qonunchiligi talablarini buzgan shaxslarga nisbatan 1 ming 885 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, 721 ta holatda ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “O‘zbekkosmos” agentligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida viloyatdagi 13 ming 762 ta ob’ekt o‘rganildi.
Natijada 720 ta holatda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, 99 ta holatda yer tuzish loyihalaridan chetga chiqilganligi, 330 ta holatda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.