Prezident maktabiga kirish uchun 1-bosqich test sinovlari bo‘lib o‘tdi
Navoiy shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat hududiy bo‘limida Prezident maktabiga talabgor o‘quvchilar uchun test sinovlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Majmuada imtihonlarning shaffof va adolatli o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. O‘quvchilar to‘liq Face ID tekshiruvidan o‘tkazilib, test jarayoniga kiritilmoqda. Test hujjatlari imtihon boshlanish jarayonidan oldinroq maxsus qoplarda keltirilib, xolislar ishtirokida ochilgan holda guruhlar uchun biriktirilgan mas’ullar tomonidan o‘quvchilarga tarqatildi.

Ushbu bosqichda o‘quvchilarga matematika fani bo‘yicha 30 ta topshiriqdan iborat test savolini yechish uchun 60 daqiqa vaqt ajratildi.
Joriy yilda Prezident maktabida o‘qish istagini bildirgan umumta’lim maktablarining 4-sinfini bitirgan 1789 nafar o‘quvchi tegishli platformalar orqali onlayn shaklda hujjat topshirishdi.

Imtihon o‘tayotgan majmuada o‘quvchilar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Birinchi bosqichdan o‘tgan 480 nafar o‘quvchi 2-bosqichda ishtirok etadi. Ularning faqatgina 24 nafari Prezident maktabiga qabul qilinadi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri