Ta’lim tizimidagi yangi hamkorlik ufqlari
Ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy-innovatsion salohiyatni oshirish hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadlariga xizmat qiluvchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” xalqaro maydonda muhim muloqot platformasi sifatida muvaffaqiyatli yakunlandi.
Mazkur nufuzli anjumanda Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova ishtirok etib, oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokamasida qatnashdi. Kongress doirasida zamonaviy ta’lim modellarini joriy etish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari markaziy o‘rinni egalladi.

Tadbir davomida turli davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi universitetlar vakillari bilan samarali uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda akademik almashinuvni kengaytirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Ayniqsa, kongress doirasida Buxoro davlat texnika universiteti tomonidan Polshaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari – AGH University of Krakow, University of Gdańsk hamda Adam Mickiewicz University in Poznań bilan hamkorlik memorandumlarining imzolanishi muhim voqealardan biri bo‘ldi.

– Bu kabi hamkorliklar universitetimizning ilmiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Eng muhimi, talabalarimiz uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlari kengayadi, ularning global raqobatbardoshligi ortadi. Bunday xalqaro anjumanlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi ilmiy g‘oyalar va innovatsion yechimlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ular universitetlarning global ta’lim makonida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi, – deydi Sadoqat Siddiqova.

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” oliy ta’lim tizimida yangi hamkorlik ufqlarini ochdi. Unda erishilgan kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslar kelgusida ta’lim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi, shuningdek, Buxoro davlat texnika universitetining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.