Alisher Navoiy va davlat sarhadlari
Qudratli saltanatlarning taqdiri ko‘pincha ularning eng chekka sarhadlarida hal bo‘ladi. Davlatning ichki barqarorligi bevosita chegaralarning mustahkamligiga bog‘liq. Alisher Navoiy siymosini biz ko‘proq so‘z mulkining sultoni sifatida bilamiz. Biroq u o‘tkir zehnli davlat arbobi va uzoqni ko‘ruvchi siyosatdon ham edi. Uning siyosiy faoliyati saltanat xavfsizligini ta’minlash bilan uzviy bog‘langan.
Temuriylar saltanatining barqarorligi ko‘p jihatdan tashqi dushmanlar hujumini qaytarishga bog‘liq edi. Ayniqsa, chegara o‘tish joylari – dahanalar nazorati mutafakkirning doimiy diqqat markazida turgan. Tarixiy manbalarda “dahana” atamasi qo‘shni hududlar o‘rtasidagi tog‘ o‘tish yo‘llarini anglatadi. Ular harbiy-siyosiy jihatdan g‘oyat muhim hudud hisoblangan. Bu maskanlarda hamisha saralangan harbiy qo‘shin ushlab turilgan.
Dahanalar davlatning o‘ziga xos qalqoni va sarhadlarning muhim nuqtasi vazifasini o‘tagan. O‘zaro dushmanlik kayfiyatidagi kuchlar doimo ushbu muhim nuqtalarni egallashga intilgan. Chunki ba’zi hollarda bitta dahananing boy berilishi butun bir viloyatning qo‘ldan ketishini anglatar edi. Dushman shu ochiq darvoza orqali mamlakat ichkarisiga yopirilib kirishi mumkin bo‘lgan. Shu sababli bu joylardagi nazorat kechayu kunduz susaytirilmagan.
Navoiyning chegara xavfsizligiga bunchalik jiddiy e’tibor qaratishi bejiz emas edi. Uning xotirasida og‘ir siyosiy yo‘qotishlar va achchiq saboqlar saqlanib qolgandi. Xususan, Sulton Husayn Boyqaroning siyosiy raqibi Yodgor Muhammad mirzo bilan bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar bunga yaqqol misoldir. O‘shanda hokimiyat uchun kechgan ayovsiz kurashlarning taqdiri aynan Astrobod dahanaсидa hal bo‘lgan. Bu voqea saltanat poydevorini larzaga keltirgan edi.
Yodgor mirzo dastlabki yirik g‘alabasini aynan shu chegara o‘tish joyini zabt etish orqali qo‘lga kiritgan. Tarixiy bitiklarda bu jarayonning og‘ir oqibatlari ochiq bayon qilingan. Manbalarga ko‘ra, Yodgor Muhammad mirzoning qo‘shini Astrobod dahanasiga kutilmaganda zarba beradi. Bu yerda mudofaada turgan amir Shayx Hasan Temurning qo‘shini tor-mor etiladi. Dahananing qulashi haqidagi shumxabar butun mamlakat bo‘ylab tez tarqaladi.
Astrobod dahanasining qo‘ldan ketishi Sulton Husayn qo‘shinida parokandalikni keltirib chiqaradi. Ruhiy tushkunlikka tushgan lashkarboshilar birin-ketin Yodgor mirzo tomonga o‘tib keta boshlaydi. Oqibatda Sulton Husaynning qarshilik ko‘rsatish uchun yetarli kuchi qolmaydi. U poytaxtni tashlab, orqaga chekinishga majbur bo‘ladi. Fursatdan foydalangan Yodgor mirzo avval Mashhadni, so‘ngra Xuroson poytaxti Hirotni hech qanday qarshiliksiz egallaydi. Birgina chegara nuqtasidagi zaiflik ulkan davlatning bir muddat qo‘ldan boy berilishiga sabab bo‘ladi.
Alisher Navoiy bu fojiadan to‘g‘ri xulosa chiqargan edi. Oradan yillar o‘tgach, u Astrobod viloyatida hokim bo‘lib turgan shahzoda Sulton Badiuzzamonga maxsus maktub yo‘llaydi. Maktubda viloyat boshqaruvi va xavfsizlik choralari yuzasidan qat’iy tavsiyalar beriladi. Uning asosiy qismi dahanalar himoyasini mustahkamlashga qaratilgan edi. Navoiy o‘zining boy siyosiy tajribasiga tayanib, shahzodani doimiy hushyorlikka chaqiradi. Davlat ishlarida loqaydlik kechirilmas xato ekanini uqtiradi.
Bu maktub mutafakkirning naqadar uzoqni ko‘ra oladigan arbob bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi. Maktubda shunday fikrlar bayon qilinadi: “Yana ulkim, ul viloyatlarning bir kulliy ishi dahanalarning zabtidur”. Ya’ni, viloyatdagi eng muhim vazifalardan biri chegara o‘tish joylarini mustahkamlashdir. Navoiy tinchlik vaqtida ham xotirjamlikka berilmaslikni talab qiladi. U shunday yozadi: “Bu mahaldakim, ko‘ngul tilamasdek amre voqe’ emas, dahalarda andoq mazbut kishilar qo‘yub, andoq mustahkam va mazbut qililsakim...”. Bu o‘rinda “mazbut kishilar” deganda sinovdan o‘tgan, sadoqatli va irodali amirlar nazarda tutilmoqda. Chegaraga toshdan devor qurish kamlik qiladi. Bu devorlarga qalqon bo‘ladigan ishonchli odamlar kerak edi. Mutafakkir o‘z so‘zida davom etib, ehtimoliy xavflardan ogohlantiradi: “...na’uzu billohkim, agar amre hodis bo‘lsaki, mujibi taraddudi xotir bo‘lsa, dahalar tarafidin xotir bakulliy jam’ bo‘lsa”.
Navoiyning bu fikri shuni anglatadiki, mamlakatda biror noxush voqea yuz berib xavotir tug‘ilsa, hech bo‘lmaganda chegaralar tomonidan ko‘ngil xotirjam bo‘lishi shart. Bu shunchaki maslahat emas, balki mudofaa qoidasi edi. Navoiy avvalgi xatolarni takrorlamaslik uchun oldindan puxta tadbir ko‘rishni so‘ramoqda. Astrobod dahanasidagi avvalgi mag‘lubiyatning soyasi bu satrlarda yaqqol sezilib turadi. Bitta xato ikkinchi marta takrorlanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi.
Alisher Navoiyning bu o‘gitlari butun davlatchilik tariximiz uchun nodir bitikdir. Bu tarixiy haqiqatlar ajdodlarimizning naqadar yetuk siyosiy tafakkurga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Ular saltanatni yolg‘iz qilich bilan emas, balki yuksak aql-idrok va puxta hisob-kitob bilan boshqargan. O‘tmishdagi xatolardan chiqarilgan to‘g‘ri xulosa millatimizning davlat boshqaruvidagi buyuk salohiyatini namoyon etadi. Vatan sarhadlarining daxlsizligi asrlar osha eng oliy qadriyat bo‘lib qolaveradi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA