Ta’lim islohotlari samarasi iqtidorli yoshlar yutuqlarida aks etmoqda
Bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida natijalar iqtidorli yoshlarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilinayotgani, innovatsion loyihalar va ilmiy izlanishlardagi yutuqlari buning amaliy tasdig‘idir.
Ana shunday yutuqlarga erishgan yoshlarni bir maydonga jamlagan “Bunyodkorlar sammiti: iqtidorlar – taraqqiyot poydevori” mavzusidagi tadbir Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tdi.
Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbariyati, xorijiy hamkorlar, investorlar, pedagoglar hamda bitiruvchilar ishtirok etdi.

Marosimda E’zoza Karimova so‘zga chiqib, Prezident maktablari tashkil etilishi iqtidorli yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, bugungi kunda ushbu ta’lim muassasalari bitiruvchilari nafaqat ta’limda, balki ilmiy izlanishlar, startap loyihalar hamda xalqaro miqyosdagi yutuqlari bilan ham mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Darhaqiqat, 2025–2026 o‘quv yilida agentlik tizimidagi 228 ta maktabda 75 ming nafar o‘quvchi tahsil oldi, 9 mingdan ortiq pedagog faoliyat yuritdi.
Tadbirda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 99 nafar bitiruvchi umumiy qiymati 12,5 million AQSH dollaridan ortiq grantlarni qo‘lga kiritdi. Ularning aksariyati dunyoning TOP-300 talik nufuzli universitetlariga o‘qishga qabul qilindi.

Yana bir muhim jihat, barcha Prezident maktablari CIS (Council of International Schools — Xalqaro maktablar kengashi) xalqaro akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad al-Xorazmiy va Al-Beruniy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar IB (International Baccalaureate — Xalqaro bakalavriat dasturi) akkreditatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
Sammit doirasida Xitoyning “Yinghua Academy” ta’lim muassasasidan tashrif buyurgan 18 nafar o‘quvchi va pedagogdan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi. Mehmonlar O‘zbekiston ta’lim tizimi, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda iqtidorli yoshlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir davomida Garvard, MIT, Kornell hamda Gonkong va Toronto kabi dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan yoshlar alohida e’tirof etildi.
M. HOJIAKBAROVA,
O‘zA