Haj ziyoratidan qaytgan yurtdoshlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olindi
Islom dini arkonlaridan biri bo‘lgan haj amallarini ado etish uchun muborak safarga jo‘nab ketgan hamyurtlarimiz shu kunlarda Vatanimizga qaytmoqda
Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda minglab yurtdoshlarimiz haj va umra amallarini ado etib qaytayotganliklari har birimizning qalbimizga shukronalik tuyg‘usini soladi.
Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatining tuman va shaharlarida ham haj amalini ado etib qaytgan hamyurtlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olinmoqda.


Jumladan, haj ziyoratidan qaytgan bir guruh paxtaobodliklar tumandagi Abu Bakr Siddiq jome masjidida Paxtaobod tumani hokimi Davronbek Sattarov boshchiligidagi tuman faollari, keng jamoatchilik vakillari, hojilarning oila a’zolari va yaqinlari tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.


Kutib olishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda yuz-ko‘zlarida shukronalik va xursandchilik aks etib turgan hojilarni tuman rahbari samimiy muborakbod etdi. O‘z navbatida, hojilar ham yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va el-yurt ravnaqi uchun ezgu tilaklar bildirib, duolar qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri