Talabalarimiz dunyoga chiqmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifida belgilangan muhim vazifalar Jizzax politexnika institutida ham yangilanishlarga yo‘l ochdi. Bugun bu vazifalar bosqichma-bosqich amaliy natijaga aylanmoqda.
O‘zgarishning eng muhim jihati shundaki, ta’lim endi auditoriya bilan chegaralanib qolmayapti. 2025-2026 o‘quv yilida tashkil etilgan “Avtomobilsozlik muhandislik maktabi” buning yaqqol ko‘rinishi. Muhandislik ta’limi ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan yaqinlashmoqda, o‘quv rejalari va fan dasturlari takomillashtirilmoqda.
Bu jarayonda o‘qituvchining o‘zi ham yangilanishi tabiiy. 130 dan ortiq professor-o‘qituvchi xorijiy OTMlarda malakasini oshirib qaytdi. 80 dan ortiq xorijiy OTM professor-o‘qituvchilari institutga tashrif buyurdi. Xalqaro hamkor xorijiy OTMlar soni 60 dan oshdi. Demak, dunyo tajribasi institutga faqat kitob va maqolalar orqali emas, bevosita muloqot va hamkorlik orqali kirib kelmoqda.


Bu ochiqlik xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topgan. Ammo institutdagi yangilanishning haqiqiy manzarasi reyting jadvallarida emas, talabaning imkoniyatlarida ko‘rinadi.
Mana, SI (sun’iy intellekt) laboratoriyasi. U uchun 4 milliard so‘m qiymatdagi zamonaviy jihozlar olib kelindi, yana 6 milliard so‘mlik jihozlar kelishi kutilmoqda. Talabalarni turarjoy bilan ta’minlash qamrovi 100 foiz. Ya’ni yoshlardan faqat bilim olish emas, shu bilimni erkin izlash va sinab ko‘rish uchun sharoit ham talab etilmoqda.


Bugungi bitiruvchi uchun esa bir diplomning o‘zi kamlik qiladi. U bir kasbni egallashi bilan cheklanib qolmasligi kerak. Shuning uchun institutda Xalqaro kara haydovchisi, IT, SI (sun’iy intellekt), professional santexnik-chilangar, elektrik, payvandchilik, robototexnika va mexatronika sohasi, elektronika va orgtexnika qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, 1S buxgalteriya kursi, xorijiy tillar kabi yo‘nalishlarda qo‘shimcha kasblarni o‘zlashtirish va xalqaro sertifikat olish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Imkoniyatning qadri esa natijada bilinadi. 2025-2026 o‘quv yilida 1 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi Davlat stipendiyasi, 4 nafar talaba Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasi, 1 nafar talaba Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. 1 nafar talaba “Ulug‘bek vorislari” loyihalar tanlovining Respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Yana bir manzaraga e’tibor bering: Jizzaxda tahsil olayotgan yoshlar endi dunyoga chiqmoqda, dunyo yoshlari esa Jizzaxga kelmoqda. Institutning 2 nafar talabasi Slovakiya hukumatining NSP dasturida, yana 1 nafar talaba Milliy stipendiya dasturida g‘olib bo‘lib, bir semestr Slovakiyada tahsil oldi. 3 nafar talaba Vengriyaning Stipendium Hungarikum dasturi asosida magistraturada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Rossiyadagi qishki maktablar, Qirg‘izistondagi ishlab chiqarish amaliyoti, Turkiyaning Istanbul texnika universitetidagi akademik mobillik, Malayziyaning INTI Xalqaro universiteti, Xitoy, Polsha, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi ta’lim dasturlari – bularning barchasi bitta haqiqatni ko‘rsatadi: talaba uchun dunyo tobora yaqinlashmoqda.

Eng quvonarlisi, yoshlar bu imkoniyatlardan foydalanib, natija ko‘rsatmoqda. 2026-yil iyun oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan xalqaro IEIIC (International Embodied Intelligence Innovation Competition) robototexnika musobaqasida institutning 2 nafar talabasi 2-o‘rinni egalladi. Avgust oyidagi “Iqlim barqarorligi va zamonaviy suv texnologiyalari” xalqaro yozgi maktabida Eronning Sharif texnologiyalar universitetidan 3 nafar va Xitoyning Shihezi universitetidan 10 nafar talaba ishtirok etdi.
Bu harakat faqat ilm bilan cheklanmayapti. E’zoza Shukrullayeva va Marjona Ro‘zimurodova Muay-tay bo‘yicha Osiyo chempionatida bronza medal oldi. Ramida Qo‘chqorova para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston kubogi respublika bosqichida 3- o‘rinni egalladi, Kamoliddin Sayfiddinov O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Karomatulla Qo‘shmurodov esa “Ushu” bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 2- o‘rinni egalladi.
Bularni bir-biridan uzoq natijalar deb qarash mumkin. Aslida esa ularni bir g‘oya birlashtiradi: inson imkoniyatini ochish.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Jizzax politexnika instituti misolida ana shu jarayonni ko‘rish mumkin. Bilimga ehtiyoj, zamonaviy texnologiya, xalqaro tajriba, kasbiy ko‘nikma va erkin fikr – barchasi bir nuqtada, yangi avlod muhandisini tayyorlash maqsadida tutashmoqda.
Hoshim Xidirov,
Jizzax politexnika instituti Ijtimoiy
fanlar kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi.
O‘zA