Qonunbuzarliklar aniqlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi Ekopolitsiyasining tezkor guruhi hamda tuman inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Ellikqal’a tumani “Chuqurqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qizilqum” zaxira yer maydonida fuqaro M.J. yana uch nafar fuqaro bilan birgalikda UAZ rusumli avtomashinada bo‘lganligi aniqlandi. Nazorat tadbiri jarayonida fuqarolar tomonidan ov quroli, o‘q-dorilar hamda ovlangan 5 dona quyonni yerga ko‘mib, voqea joyini tark etishga uringanligi kuzatildi. Keyinchalik ular mazkur ko‘milgan ashyolarning o‘zlariga tegishli emasligini ma’lum qilgan.

Ammo holat yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijasida ko‘milgan joydan aniqlangan ov quroliga tegishli hujjatlar orasida fuqaro M.J.ning nomiga rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjudligi aniqlandi.
Yana bir holatda Ekopolitsiyaning Chimboy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor reyd tadbirida “Baxtli” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘tuvchi kanaldan Nukus shahrida yashovchi fuqarolar Sh.K. va K.J. va T.M.lar tomonidan qonunbuzarlik sodir etilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular noqonuniy ravishda 2 dona zog‘ora, 3 dona oq baliq, 7 dona oq amur, 1 dona kumush tovon baliq, 1 dona laqqa, 3 dona sudak balig‘ini ovlash natijasida tabiatga 56 million 444 ming so‘m zarar keltirgani aniqlandi.

Ikkita holat yuzasidan belgilangan tartibda zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqarolarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli vakolatli organlarga yuborildi.
Tezkor guruh tomonidan navbatdagi reyd tadbiri davomida Qonliko‘l tumanida fuqaro A.I. tomonidan o‘zboshimchalik bilan tuproq yuklab ketayotgan paytida ashyoviy dalil bilan to‘xtatib qolindi. Holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga asosan 4 million 120 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Ta’kidlash joizki, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri