“Talaba Expo – 2026” ulkan imkoniyatlar maydoniga aylandi
Termiz shahridagi “Bobur” istirohat bog‘ida yoshlar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi yigit-qizlari uchun “Talaba Expo – 2026” ko‘rgazma yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli tadbir yoshlar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazma yarmarkaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi O. Ashurov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari S.Radjabov, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati “Kelajakka qadam” markazi rahbari E. Hoshimovlar mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va yoshlar bandligini ta’minlash, ularning g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Bu borada janubdagi viloyatda ham muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
[gallery-29097]
Prezidentimizning joriy yil 24-fevralda yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki viloyat bosh boshqarmasi xodimlari yoshlar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga, biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni tadbirkorlikka jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarini 20 ming 934 nafar surxondaryolik yigit-qiz tugatadi. Vohadagi oltita oliy ta’lim dargohini 16 ming 120 talaba bitirib, mustaqil hayotga yo‘llanma oladi.
Viloyatda ularning bandligini ta’minlash uchun 31 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar va bitiruvchilarning tadbirkorlik va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Kelajak tadbirkori” dasturi yo‘lga qo‘yilib, 57 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ana shu mablag‘ning 12 milliard so‘mi savdo xizmati ko‘rsatish, 7 milliard so‘mi ishlab chiqarish, 6 milliard so‘mi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilmoqda. Tibbiyot va ta’lim xizmatlariga 9 milliard, maishiy xizmatlar ko‘rsatishga 4 milliard, umumiy ovqatlanish xizmat ko‘rsatish hamda IT va axborot texnologiyalarining har biriga 3 milliard, uy mehmonxonalari va tikuvchilik yo‘nalishiga 5 milliard, o‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun 8 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
“Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yangi kredit mahsulotlari ishlab chiqilib, Markaziy bank asosiy stavkasidan 1 foiz yuqori ya’ni 15 foizdan taklif etilmoqda. Bank xodimlari bitiruvchilarning biznes g‘oyasini tayyor loyihaga aylantirish uchun zarur bilim va amaliyotdagi tajribalari hamda namunaviy tayyor loyihalar bilan ko‘maklashmoqda. “Mening birinchi kasbim” dasturini yo‘lga qo‘yish orqali 2 ming 800 nafar talaba-yoshning bandligi ta’minlanadi. Bitiruvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ularga amaliyot davri uchun oyiga ikki million so‘mgacha stipendiya ajratish joriy qilinmoqda. O‘tgan davrda “Kelajakka qadam” loyihasi bo‘yicha o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan 518 nafar yigit-qiz va bitiruvchiga 16,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 167 bitiruvchi talabaga kredit ajratilib, ularning g‘oyalari qo‘llab-quvvatlandi.
– Bu yil ta’lim muassasamizni 1 ming 690 dan ortiq talaba bitirmoqda, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev. – Ularning 1 ming 150 dan ziyodi o‘z ish joyiga ega bo‘ldi. 68 nafar talabaning biznes g‘oyasining “Kelajakka qadam” markazi qo‘llab-quvvatlab, ularga 5 milliard 280 million so‘m kredit ajratdi. Yaqin kunlarda yana yetti talabamizning g‘oyasi uchun 2 milliard 100 million so‘m ajratiladi. Bugungi ko‘rgazma yarmarkada ham yuzga yaqin talabamiz ishga joylashish uchun shartnoma tuzdi.
Bitiruvchilar yarmarkasida yuzdan ortiq korxona, tashkilot va tadbirkorlik sub’ekti 1 ming 300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni hamda amaliyot imkoniyatlarini taqdim etdi. Yoshlarning ish beruvchilar bilan muloqot qilishi uchun qulay sharoit yaratilib, “Kelajakka qadam” dasturining “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Biznes start”, “Biznes progress”, “Talaba invest”, “Mening birinchi kasbim” yo‘nalishlari to‘g‘risida yetarli ma’lumot berildi.
Bayramona ruhda o‘tgan yarmarka bilan 9 ming 200 dan ortiq talaba tanishib, qariyb 500 nafari ishga joylashish uchun shartnoma tuzdi. 30 dan ortiq biznes loyihani moliyalashtirish uchun kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi.
“Talaba Expo – 2026” ko‘rgazma yarmarkasi yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar maydoni, mustaqil hayotga yo‘llanma olayotgan yosh tadbirkorlar g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga yordam beradigan ishonchli ko‘makchi ekani namoyon bo‘ldi. Bugun oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan yoshlar ham innovatsion loyihalari bilan oldingi talabalardan iqtidorli, bilimli, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chanqoq va izlanuvchan ekanini namoyish etdi. Masalan, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ximiya yo‘nalishi bitiruvchi talabasi Maftuna Abdunazarovaning bavosil va ayollar saratoni kasalliklarini tabletka va eritma bilan davolash loyihasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Malhamlarimiz tajribadan yaxshi o‘tdi, – deydi Maftuna Abdunazarova. – Tajribada sinab ko‘rgan bemorlar tig‘siz shifo topishdi. Buning uchun izlanib, qadimda ajdodlarimiz tog‘u dashtlarimizda o‘sadigan giyohlar yordamida bu kasalliklarni davolashganini topdim. Endi uni zamonaviy usulda ishlab chiqarsak, shu kasalliklardan aziyat chekayotganlarga nafimiz tegadi.
Ko‘rgazma yarmarka tashkilotchilari izlanuvchan talabaga uni yanada mukammallashtirishni tavsiya etib, kelgusida qo‘llab-quvvatlash g‘oyasini ilgari surdi.
Tadbirda nafaqat bitiruvchi yigit-qizlar, balki boshlang‘ich kurslar talabalarining loyiha va g‘oyalari ham ishtirokchilarga quvonch ulashdi. Misol uchun, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti transport vositalari muhandisi yo‘nalishi birinchi kurs talabasi Shaxboz Alimovning “Avtonom lazerli piyodalar o‘tish tizimi” loyihasi piyodalar yo‘llarida transport vositalari va piyodalar harakatini tartibga keltirishda energiya tejamkor, ishonchli zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan. Qurilma ixcham quyosh paneli bilan ishlaydi. Piyoda yo‘lakchaga yaqinlashishi bilan qurilma ishga tushib, yo‘lakchaga lazer nurini taratadi. Bu haydovchi uchun to‘xtash ishorasi vazifasini bajaradi.
– Qurilma ayniqsa, xalqaro ahamiyatdagi tartibga solinmagan yo‘llar yo‘lakchalarida harakat xavfsizligini lazer nuri yordamida ishonchli ta’minlab turadi, – deydi loyiha muallifi Sh. Alimov. – Haydovchi yo‘lakchaga piyoda yaqinlashganini 150 metr uzoqlikdan bemalol ko‘radi. Elektr energiyasi sarflanmaydi. Undan Termiz shahridagi yoritish chirog‘i bilan tartibga solinmagan yo‘lda foydalanish uchun dastlabki buyurtmani oldik. Qurilma o‘rnatilgach, o‘n yil ishlashiga kafolat beriladi.
Termizda o‘tkazilgan “Talaba Expo – 2026” yarmarkasi esda qolarli lahzalarga boy bo‘ldi. Madaniy tadbirlar tashkil etildi. Kurash, stol tennisi kabi qator sport turlari bo‘yicha qiziqarli musobaqalar uyushtirilib, g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Talabalarning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit mablag‘i vaucherlari tantanali topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA muxbirlari