Barqarorlik sari izchil qadam
Aholini yil davomida uzluksiz va xavfsiz tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida hududlarda keng ko‘lamli modernizatsiya va ta’mirlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar yilning barcha fasllarida barqaror ta’minotni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joylarda gaz maromlash qurilmalari mukammal ta’mirlanib, doimiy ravishda taftishdan o‘tkazilmoqda. Ayni paytda gaz ta’minoti tizimini samaradorligini oshirish maqsadida uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tish ishlari davom etmoqda.
– Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunga qadar qariyb 10 mingdan ortiq iste’molchi ana shu yangi, samarali tizimga o‘tkazildi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Akmal Nasretdinov. – Shuningdek, 28 kilometrdan ziyod gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. 148 kilometr yer osti gaz quvurlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning xavfsizligi ta’minlandi, 13 kilometr qismi esa tartibga keltirildi. Bundan tashqari, 6 ta gaz maromlash qurilmasi to‘liq ta’mirlanib, qariyb 60 tasi profilaktik tekshiruvdan o‘tkazildi.

Amaliy ishlar hududlar kesimida izchil davom etmoqda. Xususan, Buxoro tumanining Xonabod mahallasida aholiga tabiiy gazni xavfsiz, uzluksiz va muammosiz yetkazib berish maqsadida yer osti gaz quvurini yer ustiga chiqarish orqali rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar mazkur hududda qariyb bir kilometr yangi gaz quvuri tortildi.
Bu kabi keng qamrovli ishlar gaz ta’minoti tizimining ishonchliligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ikki bosqichli tizimga o‘tish orqali texnik yo‘qotishlar kamayadi, xizmat ko‘rsatish sifat darajasi oshadi hamda xavfsizlik ko‘rsatkichlari yanada mustahkamlanadi.

Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan bu islohotlar aholining kundalik hayotini yengillashtirish, ularni barqaror energiya manbai bilan ta’minlash va infratuzilmani zamonaviy talablar darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.