Insoniyat tamaddunida Surxon vohasining o‘rni
Ertaga Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali boshlanadi.
Xalq og‘zaki ijodining noyob durdonalari, ajdodlarimizning turmush tarzi, liboslari, marosim va boshqa an’analari namoyish etiladigan folklor-etnografik bayram oldidan Termiz davlat universitetida “Surxon vohasining insoniyat sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Gretsiya, Kanada, Rossiya, Xitoy, Italiya, Polsha kabi davlatlardan 30 dan ortiq olim, mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 150 ga yaqin professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchi, ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyat hokimi U.Qosimov, Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov ilmiy-amaliy konferensiyaning ahamiyati va o‘tmishi olis tarixga borib taqaladigan Surxon vohasining sayyoramiz sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda milliy qadriyatlarimizni ulug‘lab, o‘tmishdagi ajdodlardan meros qolgan noyob moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, yosh avlod ongu shuuriga chuqur singdirish, dunyoga keng tarannum etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashdi. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan ikki yilda bir marta o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ham boy tariximiz va noyob moddiy-ma’naviy merosni jahonga keng targ‘ib qilishda yuksak samaralar berayotgani qayd etildi. Qadim bu go‘shada insoniyat tarixiy taraqqiyotining ilk bosqichlaridan jamiyatning moddiy va ma’naviy madaniyati rivojlanib borgani ta’kidlandi. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Dunyoning tarixchi va qadimshunos olimlarida katta qiziqish uyg‘otib kelgan Surxon vohasi endilikda jahonning ko‘plab davlatlari folklorshunoslari, yosh tadqiqotchilari e’tiborini tortmoqda. “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali yurtimiz tarixi, folklor san’ati, etnografiyasi va noyob urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimizning yangi qirralarini kashf etishga undamoqda.

Xalqaro konferensiyaning yalpi va sho‘’ba majlislarida 50 dan ortiq davlatning tarixchi olimlari, arxeologlar, folklorshunoslar, ilmiy tadqiqotchilar onlayn va oflayn ishtirok etib, mavzuga oid ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Anjumanning “Surxondaryo buyuk tamaddun beshigi”, “O‘rta asrlarda Surxon vohasining moddiy va nomoddiy madaniyati”, “Voha aholisining nomoddiy madaniyatida an’anaviylik va zamonaviy ko‘rinishlari”, “Mustaqillik yillarida Surxondaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti” mavzuiga bag‘ishlangan to‘rtta sho‘’ba majlislarida qiziqarli ma’ruzalar tinglanib, atroflicha muhokama etildi. Dunyo folklor muxlislarining noyob festivali hamda nafis bayram arafasida o‘tkaziladigan xalqaro anjumanni yanada ommalashtirish, qamrovini kengaytirib, ko‘proq yosh tadqiqotchilarni jalb etish, ilmiy xulosalarni keng targ‘ib qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri