Tadbirkorlar bilan muloqot
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda qo‘mita rahbariyati hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Unda Prezidentimiz tomonidan har yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilayotganligi mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik borasida barcha uchun teng imkoniyatlar va sog‘lom raqobat muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
Muloqotda tadbirkorlik sub’ektlarining biznes yuritish jarayonida uchrayotgan to‘siqlari, monelik holatlari va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan turli muammolar yuzasidan ularning murojaat va takliflari eshitildi.
Uchrashuvda Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan “Zari 87” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakilining jamiyat tomonidan talabalarga issiq ovqat yetkazib berish bo‘yicha autsorsing xizmati davomida duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaati eshitildi.
Shuningdek, uchrashuvda Andijon davlat tibbiyot institutining akademik litseyga davlat xaridlari o‘tkazish mobaynida yetkazib berilayotgan mahsulotlarning shartnoma shartlarida ko‘rsatilganidek sifatli emasligi, shu sababli shartnomani jarima bilan bekor qilinishi, Izboskan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga suyultirilgan gaz uchun tuzilgan shartnomaning qiymati va mablag‘ miqdorini g‘azna va birjada o‘tkazish jarayonida duch kelayotgan muammolar xususidagi murojaatlar ham eshitildi.
Uchrashuvda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar atroflicha javob qaytardi.
[gallery-29750]
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.