O‘zbekiston tashqi savdosida qaysi davlatlar yetakchilik qilmoqda?
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini izchil kengaytirib, jahon bozoridagi hamkorlik ko‘lamini mustahkamlab bormoqda. Yilning dastlabki to‘rt oyi yakunlari mamlakatning asosiy savdo sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatdi. Bu esa milliy iqtisodiyotning tashqi bozorlar bilan integratsiyasi tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo faolligi yuqori sur’atlarda davom etdi. Davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi natijasida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 26,3 milliard AQSH dollariga yetdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yirik hamkor davlatlar quyidagilar bo‘ldi:
Xitoy — 6,2 milliard AQSH dollari;
Rossiya Federatsiyasi — 4,5 milliard AQSH dollari;
Qozog‘iston — 1,8 milliard AQSH dollari;
Turkiya — 920,6 million AQSH dollari;
Afg‘oniston — 728,2 million AQSH dollari;
Koreya Respublikasi — 638,3 million AQSH dollari;
Birlashgan Arab Amirliklari — 626,7 million AQSH dollari;
Fransiya — 618,1 million AQSH dollari;
Germaniya — 411,6 million AQSH dollari;
Hindiston — 406,4 million AQSH dollari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy va Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi asosiy hamkorlari bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, qo‘shni davlatlar hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan savdo munosabatlarining faollashib borayotgani tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA