Tadbirkor tomonidan belgilanmagan joyga chiqindilar tashlangani aniqlandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Rahimov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Yangihayot tuman partiya tashkiloti raisi N.Abdalimova, tuman Kengashi deputati H.Tillayev tuman bo‘ylab ekologik holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.
Jumladan, xalq vakillari "Yangi Umid" mahallasida bo‘ldi. O‘rganishlar davomida hududdagi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan belgilanmagan joyga chiqindilar tashlab ketilgani aniqlandi.

Tadbirkor bilan suhbatlashilib, ushbu holat ekologik muhitga zarar yetkazayotgani qayd etildi, tegishli tushuntirishlar olib borildi.
Mazkur holat yuzasidan deputatlik nazorati o‘rnatilib, hudud chiqindilardan tozalandi. Tadbirkor tomonidan tashlab ketilgan yengil konstruksiyali metallar qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng to‘liq bartaraf etilishi ta’kidlab o‘tildi.


Hududlarni toza-ozoda saqlash, chiqindilarni saralangan holda belgilangan joylarga tashlash ekologik barqarorlikda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, har bir fuqaro, har bir tadbirkor atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi, ekologik madaniyatini yuksaltirishi lozim bo‘ladi.
M.Komilova,
O‘zA