Tadbirkor mahsulotini jahon bozoriga qanday olib chiqadi? (+Video)
Mahsulot ishlab chiqarildi. Endi uni qayerga sotish kerak?
Ayniqsa, jahon bozoriga chiqishni maqsad qilgan tadbirkor uchun bu savolning javobi mahsulotning o‘zi kabi muhim. Chunki xorijiy bozorda xaridorni topishning o‘zi yetarli emas — mahsulot o‘sha davlatning sifati, xavfsizligi va boshqa talablariga ham javob berishi kerak.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi boshqarma boshlig‘i Asqarali Asqarovning ta’kidlashicha, eksportni rejalashtirayotgan tadbirkor birinchi navbatda qaysi bozorga chiqmoqchi ekanini aniqlab, shu davlat talablarini o‘rganishi zarur.
— Tadbirkor mahsulot ishlab chiqarishdan oldin uni qaysi bozorga sotish imkoniyati borligini ko‘rib chiqishi kerak. Bugun mahsulot ishlab chiqarib, keyin bozor izlashdan ko‘ra, avval bozor talabini o‘rganib, shunga mos mahsulot tayyorlash muhim.
Ayniqsa, xalqaro sertifikatlar masalasiga e’tibor qaratish kerak. Tadbirkorning mahsuloti tayyor bo‘lishi mumkin, ammo u eksport qilmoqchi bo‘lgan davlatda talab etiladigan sertifikatga ega bo‘lmasa, mahsulotni bozorga olib kirishda qiyinchilik yuzaga keladi.
Shuning uchun xalqaro sertifikat olishni xaridor talab qilgan paytga qoldirmaslik kerak. Sertifikatlash jarayoni mahsulotni tekshirish, hujjatlarni rasmiylashtirish va muayyan vaqtni talab qiladi. Tadbirkor eksport rejasini tuzish bilan birga, qaysi sertifikatlar zarurligini ham oldindan aniqlab olsa, tashqi bozorga chiqish imkoniyati ancha kengayadi.
Bu borada tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari mavjud. Standartlar instituti mutaxassislari tadbirkorlarga bepul maslahat berib, ular chiqishni rejalashtirayotgan davlat talablarini o‘rganishda ko‘maklashadi. Zarur hollarda mutaxassislar hududlarga chiqib, korxonalar faoliyatini o‘rganadi va mahsulotga mos xalqaro standartlar bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Masalan, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga chiqarishda inson salomatligi va mahsulot xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar muhim. Mahsulotning inson salomatligiga zarar yetkazmasligi, sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari belgilangan standartlarga mos bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, bolalar mehnatidan foydalanmaslik, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish kabi ijtimoiy talablar ham mavjud. Shu sababli to‘qimachilik sohasida SEDEX, WRAP, BSCI, Better Cotton kabi xalqaro standart va sertifikatlarga talab bor.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda esa GlobalG.A.P., organik mahsulotlar uchun tegishli standartlar, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ISO, BRC kabi standartlar muhim ahamiyatga ega.
Tadbirkor qaysi davlatga eksport qilmoqchi bo‘lsa, o‘sha davlatning talabini oldindan o‘rganishi kerak. Bizda buning uchun mutaxassislar bor. Ular tadbirkorga qaysi sertifikat zarurligi, qanday talablar mavjudligi bo‘yicha ma’lumot beradi. Bu esa tadbirkorning vaqt va mablag‘ini tejashiga yordam beradi.
Xalqaro sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar ham tadbirkorlar uchun ma’lum moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin. Shu bois bu yo‘nalishda davlat tomonidan qator imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratilgan.
Demak, mahsulotni jahon bozoriga olib chiqish faqat uni ishlab chiqarish bilan tugamaydi. Bozorni tanlash, uning talablarini o‘rganish, xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etish, mahsulot sifatini ta’minlash — eksportga olib boruvchi muhim bosqichlardir.
Bugun to‘qimachilik sohasida 300 dan ortiq tashkilotda 600 dan ziyod standart joriy etilgani ham tadbirkorlarning tashqi bozor talablariga moslashib borayotganini ko‘rsatadi.
N. Rahmonova, N. Abduvoitov (video), S. Obidjonov (montaj), O‘zA