O‘zbekistonda qariyb 40 yillik poyezdlar o‘rnini zamonaviy elektropoyezdlar egallaydi
O‘zbekistonda shahar atrofi temiryo‘l qatnovini yangilashga qaratilgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. 157 mln yevro qiymatidagi loyiha doirasida Chexiyaning «Škoda Transportation» kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilinishi rejalashtirilmoqda. Yangi poyezdlar qariyb 40 yillik eski tarkiblarni almashtirib, yetti yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Toshkent shahar Kengashi tomonidan ma’qullangan loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, yangi elektropoyezdlarni xarid qilish va shahar atrofidagi yo‘lovchi tashuvlarini modernizatsiya qilish uchun jami 157 mln yevro yo‘naltiriladi. Yangi tarkiblar 1983–1987-yillarda ishlab chiqarilgan 10 ta ER9Ye rusumli elektropoyezd o‘rnini egallaydi. To‘rt vagondan iborat yangi poyezd 432 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularning maksimal harakat tezligi soatiga 160 kilometrgacha yetishi mumkin.
Zamonaviy tarkiblar yo‘lovchilar uchun qulayliklarni ham oshiradi. Xususan, poyezdlar iqlim nazorati, Wi-Fi, videokuzatuv, elektron axborot tizimlari bilan jihozlanadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar ham nazarda tutiladi. Rejaga ko‘ra, xarid qilinadigan 10 ta elektropoyezd yetti yo‘nalish bo‘yicha taqsimlanadi. Ular Toshkent–Chirchiq–Chinorkent, Toshkent–Yangi yo‘l–Bekobod, Toshkent–Nurafshon–Ohangaron–Angren, Toshkent–Keles, Qo‘qon–Namangan–Andijon–Marg‘ilon, Samarqand–Buxoro, Samarqand–Qarshi–Shahrisabz yo‘nalishlarida harakatlanishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida mazkur yo‘nalishlarda kuniga 32–40 ming nafar yo‘lovchi tashish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib ushbu yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchilar soni 23,5 million nafarga yetishi mumkin. Loyiha hisob-kitoblarida bilet narxi masofaga qarab 10 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha bo‘lishi belgilangan. Shu bilan birga, belgilangan tariflar poyezdlarning haqiqiy ekspluatatsiya xarajatlarini to‘liq qoplamasligi kutilmoqda. Shu sababli tarif va xarajatlar o‘rtasidagi farqni davlat tomonidan qoplash nazarda tutilgan.
Yangi elektropoyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi shahar atrofidagi temiryo‘l qatnovida zamonaviy, tezkor va qulay transport xizmatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA