Tabiat uchun birlashish muhim masala
Ekologik muammolar dolzarblashib borayotgan ayni paytda tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikdagi harakatlari tabiat uchun kuchlarni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi, “Greenleaf eco” jurnali hamda Toshkent shahridagi Puchon universiteti o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan memorandum imzolandi.
Ushbu memorandumning asosiy maqsadi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini ilgari surish hamda yoshlarni ekologik loyihalarga jalb qilishdan iborat.

Hamkorlik doirasida qo‘shma seminarlar, ekologik tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar va davra suhbatlari tashkil etish, shuningdek, talabalarni ekologik madaniyatini va bilimini yanada oshirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Tomonlar mazkur memorandum orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bilim, tajriba va resurslar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni kelishib oldilar.

M.Komilova, O‘zA