“Tabiat – jamiyat – inson” ekologik aksiyasi
O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasiyada belgilangan ustuvor maqsadlar va 5 asosiy vazifa orasida suv resurslarini saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish alohida o‘rin egallaydi. Ushbu hujjat, jumladan, har yili 200 million tup daraxt ekiish va respublikamizda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarishlash, yashil maydonlarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Prezidentimiz 2026yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilgani Yangi O‘zbekistonda ona tabiatni asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasidir. Bundan 4 yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etilib, xalqimizning azaliy qadriyati hisoblangan bo‘sh yerlarga ko‘chat ekish, bog‘-rog‘lar barpo etish an’anasi qayta tiklandi.

Shuningdek, yaqinda Davlatimiz rahbari mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari, barcha faollarga murojaat qilib, joylarda milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizni yanada keng targ‘ib qilish, mahalla aholisini hamjihatlik va ahillik ruhida ezgu ishlarga chorlash, klublar, jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda yoshlarga bosh bo‘lishga chaqirdi.
– Zero, yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu – hayot, bu – toza havo, bu – sog‘lom muhit, bu – kelajak demak! – dedi Prezidentimiz. – Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Bir ko‘chat – ming baraka”, “Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek”, deb bejiz aytilmagan. Bunday hikmatli so‘zlarning ahamiyati hozir har qachongidan dolzarb ekanini barchamiz kundalik turmushimizda his etib turibmiz.

Ayni muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Ekologik harakat faollari, Oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan birgalikda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Armug‘on” va “Boshliq” mahallalarida “Tabiat – jamiyat – inson” ekologik aksiyasini o‘tkazdi.
Tadbir doirasida ikki mahalla hududida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan taqdim etilgan 40 tup manzarali ko‘chat ekildi.

Markaz jamoasi har yili shunday tashabbuslarni muntazam amalga oshirib, yashil hududlarni kengaytirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Navbatdagi tadbir orqali ishtirokchilarning ekologik bilimi va madaniyatini yuksaltirish, ularning atrof-muhit musaffoligini ta’minlash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, ma’naviy qadriyatlarimiz asosida yosh avlod ongiga tabiatni ozoda tutish va asrash kabi tushunchalarni singdirish maqsad qilindi.
Ta’kidlash joiz, ekologiya va xalq diplomatiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lidagi global yechimlarga ta’sir qiluvchi uyg‘un mexanizmga aylanishi zarur. Shundagina birgalikdagi o‘zaro ta’sir orqali tabiatdagi global muammolarni hal qilishga salmoqli hissa qo‘shish imkoni yaratiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.