Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lsa, yetkazilgan zararni kim qoplaydi?
Huquqiy munosabat
Ma’lumki, bunda yetkazilgan zarar zarar yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Xo‘sh, unda sug‘urtalovchi nima vazifani bajaradi?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunda yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma tuzilganda jabrlanuvchining transport vositasiga yetkazilgan zarar ushbu qoidalarning 39-bandida belgilangan sug‘urta to‘lovi miqdoridan oshmasligi kerak. Bunda yetkazilgan zarar miqdori yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabarnoma sug‘urtalovchiga taqdim etilganidan so‘ng oshgan taqdirda, sug‘urtalovchi sug‘urta summasining faqat ushbu qoidalarning 39-bandida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lmagan qismini sug‘urta tovoni sifatida to‘laydi.
39-bandda jabrlanuvchining mol-mulkiga zarar yetkazilganda sug‘urta to‘lovi sug‘urta summasining 35 foizidan oshishi mumkin emasligi keltirilgan.
Yo‘l harakatida qatnashayotgan transport vositasi haydovchisida majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta polisi mavjud bo‘lishi shart.
Sug‘urta polisi mavjud bo‘lmasa, fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi. Ya’ni, zararni to‘liq zarar yetkazgan shaxs to‘laydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA