Suvdan oqilona va maqsadli foydalanish – barqarorlik kafolati
Suv resurslari har bir mamlakatning iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ularning samarali boshqarilishi, iqtisodiy rivojlanish, ekologik barqarorlik va aholi farovonligi uchun muhimdir. Global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi, sanoat va qishloq xo‘jaligi faoliyatining kengayishi suvga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirmoqda.
Jahon aholisi tez o‘sib borishi natijasida 2030-yilga borib talab va mavjud suv ta’minoti o‘rtasidagi 40 foiz taqchillikka duch kelishi, 2050-yilga borib 10 milliard aholini oziqlantirish uchun qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 50 foizga (bu bugungi kunda resursning 70 foizini iste’mol qiladi) va suv olish hajmini 15 foizga oshirishni talab qilishi bashorat qilinmoqda. Dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘i suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashaydi va dunyo yalpi ichki mahsulotining taxminan 1/4 qismi bu muammoga duch kelishi, 2040-yilga kelib, har to‘rt boladan biri haddan tashqari suv tanqisligi bo‘lgan hududlarda yashashi kutilmoqda. Suv resurslari bilan ta’minlash va undan oqilona foydalanishni boshqarish bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar uchun katta va tez-tez o‘sib borayotgan muammodir. Bundan tashqari, surunkali suv tanqisligi, gidrologik noaniqlik va ekstremal ob-havo hodisalari (suv toshqini va qirg‘oqchilik) global farovonlik va barqarorlik uchun eng katta tahdidlardan biri sifatida qabul qilinadi. Suv tanqisligi va qirg‘oqchilik mamlakatlar o‘rtasida mojarolarning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Yaqin vaqtgacha Markaziy Osiyo respublikalari suv resurslaridan mintaqani yagona markaz tomonidan boshqariladigan iqtisodiy makon sifatida ko‘rib chiquvchi taqsimot sxemasi doirasida ishlatib kelgan. Biroq hozirda mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat tubdan o‘zgardi. Suveren davlatlarning har biri, birinchi navbatda, o‘z milliy manfaatlarini ko‘zlab, mavjud suv resurslaridan maksimal darajada foydalanishga intiladi. Xuddi shunday holatlar dunyoning boshqa mintaqalarida ham uchrab turadi, bu esa xalqaro huquq normalari asosida transchegaraviy daryolarning suv resurslarini boshqarish nazariyasini ishlab chiqishni taqozo etadi. Bu yo‘lda transchegaraviy daryolarning suv resurslarini boshqarish nazariyasi uchun asos sifatida kelishilgan qarorlar qabul qilishning matematik modellarini ishlab chiqish, ayniqsa, dolzarb muammoga aylanadi.
Ming afsuski, iqlim o‘zgarishi, suv ta’minoti va sug‘orishga bo‘lgan talabning ortishi tufayli Markaziy Osiyoda suv resurslari tanqisligi kuzatilmoqda. Shu bilan birga, aholi ehtiyojlarini va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun suvga bo‘lgan talabning ortib borishi qishloq xo‘jaligi sektoriga qo‘shimcha bosim tug‘dirmoqda. Bu suv resurslaridan oqilona foydalanishni talab qiladi. Bunday sharoitda suv resurslarini samarali va barqaror boshqarish strategik ustuvor vazifaga aylanib, bu mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoning global suv aylanishidagi roliga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
2026-yil 25-26-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ekspertlar kuzatilayotgan ushbu muammolarga javob izladi. O‘zbekiston hukumati tomonidan tashabbus qilingan va tashkil etilgan mazkur forum tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqish uchun muhim imkoniyat yaratdi. “Tashkent Water Week-2026” forumi davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, biznes va ekspertlar hamjamiyatini birlashtirib, transchegaraviy suv xavfsizligi muammolarini muhokama qilish, innovatsion boshqaruv va texnologik yechimlarni namoyish etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy strategiyalarni ishlab chiqish uchun platforma yaratdi. Forum mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda uzoq muddatli suv va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan barqaror suvdan foydalanish modellarini ilgari surishga qaratilgan.
2023-yildan beri Yevroosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyodagi suv vaziyatini baholab, mavjud suv ta’minoti tizimlari jiddiy darajada eskirgani, bu esa sug‘orishda deyarli 40 foizgacha, ichimlik suvini yetkazib berishda esa 55 foizgacha yo‘qotishlarga olib kelayotganini qayd etgan edi. Suv iste’molida asosiy o‘rinni qishloq xo‘jaligi, energetika va sanoat egallaydi. Muzliklarning erishi va qishloq xo‘jaligi chiqindilari umumiy resurslarni charchatmoqda va agar mintaqada samarali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmasa, bu davlatlararo munosabatlarni yomonlashtirishi mumkin.
Tanqislik kuchayayotganiga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari vaziyatni o‘zgartirishga qattiq kirishgan. Muloqotlarda suvdan samarali foydalanish va hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u berilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2026-2036-yillarni Markaziy Osiyoda suvdan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dekadasi deb e’lon qilish taklifini 2025-yil noyabrdagi Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bildirgan edi. Buning uchun O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, mamlakatlar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, turmush sharoitlarini yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida suv siyosatida zamonaviy chaqiriqlarga yo‘naltirilgan real amaliy qadamlarni qo‘yishlari lozim. Ammo amaliyotda hammasi boshqacha kechmoqda. Mintaqa mamlakatlari mintaqaviy hamkorlik yo‘nalishini e’lon qilsada, milliy darajada «suv egoizmi»ga amal qilmoqdalar. Masalan, Qirg‘izistonda joriy yilning 1-yanvaridan boshlab Suv kodeksi kuchga kirdi. Ushbu hujjatda Qirg‘iziston tomoni suv resurslari nafaqat ichki, balki tashqi iste’molchilar uchun ham tovar ekanligini va bundan kelib chiqadigan oqibatlarni qayd etdi.
Suvni ehtiyotkorlik bilan sarflashga qaratilgan siyosatni amalga oshirish ham oson emas. Barcha davlatlarda e’lon qilingan suvni tejaydigan texnologiyalarga va kam suv talab qiladigan o‘simlik madaniyatlariga o‘tish katta xarajatlarni talab qiladi. Ammo ularni joriy etish uchun zarur moliyalashtirish bilan davlatlar jiddiy muammolarga duch kelyapti.
Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari suv muammosini muhokama qilib, pessimistik prognozlar berar ekanlar, vaziyat yanada yomonlashmoqda. Ko‘pgina Markaziy Osiyo davlatlarida suv resurslari tanqisligining iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy sohaga salbiy ta’sirini ko‘rsatuvchi baholar qilingan. Masalan, O‘zbekiston prezidenti ta’kidlaganidek, namlik yo‘qotilishi tufayli zarar har yili 5 mlrd. dollarni tashkil etadi va yaqin yillarda suv tanqisligi mavjud ehtiyojlarning 25-30 foiz darajasida bo‘ladi. Bunday ssenariy albatta, nafaqat mintaqa davlatlari rivojiga, balki Markaziy Osiyodagi davlatlararo munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyoda suv resurslari tanqisligi surunkali tus oldi. Suv resurslari tufayli mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar haqidagi ogohlantirishlar tobora tez-tez yangrayotgan bo‘lsada, ushbu muammoni hozircha hal etishning imkoni bo‘lmayapti. BMTning Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti tomonidan joriy yilning yanvarida e’lon qilingan «Global suv bankrotligi: inqirozdan keyingi davrda gidrologik imkoniyatlarimizdan tashqaridagi hayot» nomli hisobotdagi xulosalardan biri shundan iboratki, «dunyo global suv bankrotligi davriga kirdi, unda muhim suv tizimlari ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajada shikastlangan va insoniyatning ortib borayotgan ehtiyojlarini boshqa qondira olmaydi». Ayrim xalqaro institutlar esa mintaqadagi vaziyatni baholab, Markaziy Osiyoda suvning keskin tanqisligi 2028-yilga borib yuzaga kelishini ta’kidlagan. Suv muammolari va ziddiyatlar sabablari batafsil gapirilyapti, ammo asosiy tezis juda oddiy – suvning miqdori kamaydi. Bu oxirgi 50 yil ichida taxminan 410 mln. gektar tabiiy suv-botqoq maydonlarining yo‘q qilinishiga olib keldi va Markaziy Osiyo hali «nol kun» ya’ni suvning fojiaviy tanqisligi nuqtasiga yetmagan bo‘lsada, voqealarning trayektoriyasi ayon.
Suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish va umumiy daryolarni birgalikda boshqarish bo‘yicha keskin choralarsiz Markaziy Osiyoning megapolislari – Toshkent, Bishkek, Ostona va Dushanbe qaytarib bo‘lmaydigan inqiroz chegarasida qolishi mumkin. So‘nggi yillarda suv resurslari tanqisligi kuchayishi sharoitida Markaziy Osiyoda vaziyatning qanday rivojlanishi to‘g‘risida ko‘plab ssenariylar bor. Ular barchasi suv yetishmasligi aholining mamlakat ichida hamda xorijga migratsiyasiga olib kelishi va nihoyatda mintaqada davlatlararo mojarolarni keltirib chiqarishi mumkinligi bo‘yicha yagona xulosaga keladi. Tojikistondagi suv muammosi uzoq vaqtdan beri oddiy holdek qabul qilinardi. Pomir muzliklari va mamlakatning Markaziy Osiyoning eng yirik daryolari boshida joylashganligi barqarorlik hissini yaratdi. Biroq bugungi voqelik shuni ko‘rsatadiki, bu tabiiy omillarning o‘zi yetarli emas. Iqlim o‘zgarishi, iste’molning ortishi va suvni boshqarishdagi muammolar mamlakatni tobora zaiflashtirayotganini ham qo‘shimcha qilish lozim.
Mutaxassislar suv siyosatini shoshilinch qayta ko‘rib chiqmasdan, Markaziy Osiyo poytaxtlari Tehrondagi kabi inqirozga duch kelishi mumkinligini bot-bot yodga olyapti. Masalan, 2025-yil oxirida Nightingale Intelligence bashorat agentligi xavotirli bashoratlarga to‘la tadqiqotni e’lon qildi: Markaziy Osiyo poytaxtlari suv sektorida shoshilinch islohotlar amalga oshirilmasa, Tehronda allaqachon sodir bo‘layotgan suv yetishmovchiligiga o‘xshash suv inqiroziga duch kelishi mumkin. Mintaqaning suv tizimi asosan Pomir va Tyan-Shan tog‘larining muzliklari bilan oziqlanadigan ikkita daryoga – Amudaryo va Sirdaryoga tayanadi. Biroq muzliklar 1960-yillardan beri o‘z massasining katta qismini yo‘qotdi va daryolarning holati tobora oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib bormoqda, bu esa suv tanqisligining uzoq muddatli xavfini oshirmoqda. Muammo nafaqat iqlim o‘zgarishi tufayli suv resurslarining kamayib ketishida, balki qishloq xo‘jaligida ham, shaharlarda ham suvdan juda samarasiz foydalanishda ham ekanligini unutmaslik kerak. Tehron ssenariysi, xuddi "Mexiko-Siti ssenariysi" kabi, shahar suv tizimlariga chuchuk suv yetkazib berishning keskin kamayishini o‘z ichiga oladi.
Mintaqamizda infratuzilmalarning holati ko‘pincha yaqinlashib kelayotgan inqirozning birinchi ogohlantiruvchi belgisi bo‘lib xizmat qiladi. Bu baxtsiz hodisalar va uzilishlarning ko‘payishi, eng yuqori soatlarda bosimning pasayishi, suv sifatining yomonlashishi va rejali suv ta’minoti mavjud hududlarning kengayishida namoyon bo‘ladi. Yuqori iste’mol qo‘shimcha yuklanishni keltirib chiqaradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Toshkentda o‘rtacha kunlik suv iste’moli bir kishi uchun 230-270 litrni, eng yuqori davrlarda esa kuniga 400 litrgachani tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, turmush darajasi o‘xshash bo‘lgan Yevropa shaharlarining aksariyatida bu ko‘rsatkich 140-150 litrni tashkil qiladi. Технiк yo‘qotishlar va yuqori talab shunchaki, bu suv resurslarini yomon boshqarish bilan bog‘liq chuqurroq muammoning natijasi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Suvni boshqarish idoralari esa ko‘pincha mablag‘ yetishmovchiligiga duch keladi va tariflar xizmatlarning haqiqiy narxini aks ettirmaydi. Natijada, kommunal xizmatlar tarmoqni modernizatsiya qilishga yoki hatto asosiy texnik xizmat ko‘rsatishga mablag‘ sarflay olmaydi. Vaziyat suv olish va yo‘qotishlarni kompleks monitoring qilishning yo‘qligi bilan yanada og‘irlashmoqda, bu esa samarali boshqaruvni deyarli imkonsiz qiladi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish tizimini yaratish bugungi kunda urbanizatsiya sur’atlarining oshishi, eskirgan infratuzilma va kommunal xizmatlarning sifatsizligi oqibatida yuzaga kelayotgan muhim muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu omillar suvga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikni kuchaytirib, suv resurslarining ifloslanishi kabi salbiy jarayonlarni keltirib chiqarmoqda. Mazkur masalalarni xalqaro, milliy va mintaqaviy darajada hal qilishda uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqish, shaharlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash zarur. Bugungi kunda suv bilan bog‘liq muammolar shu darajada yetdiki, dunyo suv inqirozi va suv resurslarini boshqarish tizimining inqirozi haqida gapirish zaruratiga duch kelmoqda. Ayniqsa, shahar suv resurslari to‘g‘ri boshqarish faqat shahar iqtisodiyotining izchil rivojlanishi emas, balki global iqlim o‘zgarishining tabiiy ekotizimlarga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini kamaytirishda ham muhim omil bo‘lishi mumkin.
Ammo suv inqirozi hal qilishning samarali usullarini aniqlashdan oldin, suvni boshqarish tushunchasini aniq belgilash lozim. Bu atama faqat suvni tejash yoki resurslarni zaxiralashni emas, balki ularni tizimli boshqarish, oqilona taqsimlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashni ham o‘z ichiga oladi. Shunday kompleks yondashuv suv inqiroziga qarshi kurashda asosiy yo‘nalish bo‘lishi lozim. Bizning fikrimizcha, u suv sohasida qarorlar qabul qilinadigan va amalga oshiriladigan siyosiy, institutsional va ma’muriy qoidalar, amaliyot va jarayonlar (rasmiy va norasmiy) doirasi; manfaatdor tomonlar o‘z ehtiyojlarini ifodalaydi; qaror qabul qiluvchi organlar suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish uchun javobgardir, qonun hujjatlari va normalarning bajarilishini nazorat qiladi.
Suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish uchun quyidagi asosiy tamoyillar va yondashuvlar dolzarb hisoblanadi: suv resurslarini boshqarishda uzoq muddatli ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy omillar uyg‘unligini ta’minlash muhimdir. Qarorlar nafaqat joriy ehtiyojlarni, balki kelajak avlodlar manfaatlarini ham hisobga olishi kerak. Resurslardan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratish orqali ijtimoiy muvozanatni saqlash muhim ahamiyatga ega. Har bir inson va sektor uchun yetarli miqdorda va kerakli sifatda suv yetkazib berish tizimini shakllantirish asosiy vazifa hisoblanadi. Suv resurslari boshqaruvi bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayoniga fuqarolarni faol jalb etish va ularni ma’lumot bilan ta’minlash orqali resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish lozim. Suv resurslari boshqarishda davlat, xususiy sektor va jamoatchilik o‘rtasidagi shaffof va samarali hamkorlik muhitini yaratish zarur. Atrof muhitni muhofaza qilish, ifloslanish darajasini pasaytirish va suv ekotizimlarini saqlab qolish boshqaruvning ajralmas qismi bo‘lishi lozim. Suv resurslaridan foydalanishda iqtisodiy samaradorlikka erishish, isrofgarchilikning oldini olish va xarajatlarni optimallashtirish dolzarbdir. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va suv resurslarini boshqarishni yaxshilash uchun investitsiyalarni jalb etish va samarali moliyaviy rejalar tuzish talab qilinadi. Innovatsion yechimlar va ilg‘or texnologiyalar yordamida suv ta’minoti va boshqaruv tizimini takomillashtirish barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tamoyillar integratsiyalashgan boshqaruv mexanizmlarini shakllantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Suv va energetika siyosati hamda tartibsiz urbanizatsiya siyosati o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning yo‘qligi ayniqsa, xavflidir. Shaharlar infratuzilmadan tezroq o‘sib, yo‘qotishlar yuqori bo‘lib qolganda, tizim mutlaq suv tanqisligi tufayli emas, balki boshqaruv muammolari tufayli buziladi. Suv iste’moli eng yuqori bo‘lgan joylarda – Markaziy Osiyoda suvning asosiy iste’molchisi bo‘lib qolayotgan qishloq xo‘jaligida boshqaruvning sustligi keskin namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, yerosti suvlari sathi pasaymoqda, tuproq sifati yomonlashmoqda, sho‘rlanish kuchaymoqda va ekotizimlar yomonlashmoqda. Bu jarayonlar hozirda Orol dengizi havzasida eng sezilarli bo‘lsada, tadqiqotchilar oxir-oqibat shaharlarga ham ta’sir qilishi haqida ogohlantirmoqdalar.
Sug‘orish tizimidagi suv oqimining har qanday kamayishi fermerlarning daromadlariga, suv va elektr energiyasidan foydalanishga bosim ko‘rsatmasdan qolmaydi. Eng yomoni, suv yetishmovchiligi ortidan hosildorlik va daromadlarning pasayishi odamlarni asta-sekin ko‘chib ketishga majbur qiladi, avval mavsumiy, keyin esa doimiy. Bu “sokin” migratsiya deb ataladi – avval qishloqlardan shaharlarga, keyin esa mamlakat tashqarisiga. Agar suv bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etsa, suv tizimlari haddan tashqari ko‘p bo‘lgan shaharlarga bosim kuchayadi.
Iqlim o‘zgarishi va tog‘larda qor qatlamining kamayishi fonida xavflar bir necha jihatdan ortib bormoqda. Bu geosiyosiy keskinlikni kuchaytiradi. Shu bois, har qanday davlat uchun suvdan oqilona va samarali foydalanish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligi va sanoatda samaradorlikni oshirish, balki suv ta’minoti manbalariga yuklamani kamaytirish va insonlar uchun barqaror hayot muhitini saqlash imkonini beradi. Shu ma’noda, suv resurslaridan samarali foydalanishda, avvalo, davlat siyosati hamda hamjihatlik muhim hisoblanadi. Bunda сuвнi tejaydigan texnologiyalarning samaradorligi va iqtisodiy ahamiyati beqiyos, deb o‘ylayman. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgani e’tiborga molik. Suv tejaydigan texnologiyalar suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkazish, bug‘lanish va yer usti oqimida yo‘l qo‘yiladigan isrofgarchilikni kamaytirishga yordam beradi. Masalan, tomchilatib sug‘orish bilan suv o‘z vaqtida va aniq miqdorda yetkaziladi, yomg‘irlatib sug‘orish esa maydonlarda suvni bir tekis taqsimlash imkonini yaratadi. Shuningdek, lazerli tekislashda sug‘orish maydonlari yaxshiroq hamda samarali sug‘oriladi. Raqamlar bilan izohlaganda, mazkur qarorda 2026-2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Jumladan, 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish natijasida suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkazish, bug‘lanish va yer usti oqimida yo‘l qo‘yiladigan isrofgarchilikni kamaytirish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish va 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash orqali sug‘orishda suvni samarali va bir tekis taqsimlash imkoniyati yaratiladi. Bunday texnologiyalar yiliga 5 milliard metr kub suvni tejash imkonini beradi.
Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ham bu masala ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Farmonda ekologik muvozanatni saqlash va suvdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan asosiy tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, ochiq drenaj, kollektor va kanallarni yopiq tizimlarga o‘tkazish bilan suv yo‘qotilishini kamaytirish, 504 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish asosida yiliga 5 milliard kub metr suvni tejash, shuningdek, 1,3 ming kilometr kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish natijasida qo‘shimcha 500 million metr kub suvni tejash imkoniyatlari yaratiladi. Aytish kerakki, bu chora-tadbirlar nafaqat suv resurslarini tejash, balki qishloq xo‘jaligi maydonlarini samarali sug‘orish, ekotizimlarni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Eng asosiysi, mintaqa davlatlari xavflarni to‘liq anglab, inqiroz oldini olishda hamkorlik qilayotganidir. Olaylik, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir. Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv oqilona murosaga misol bo‘la oladi. O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljimoqda, O‘zbekiston, Tojikiстон va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv ресuрсlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi. Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Mash’al Saidov,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti rektori,
professor i.f.d.