Suv — taqdir demakdir: Markaziy Osiyoning hayot va mamot chizig‘i
Insoniyat tarixida suv shunchaki tabiiy resurs emas, balki davlatlarni yuksaltiruvchi va tamaddunlarni gullatuvchi ilohiy bir qudrat ramzi bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz "Suv keltirgan aziz" deganda nafaqat jismoniy mehnatni, balki hayot manbaiga bo‘lgan yuksak ehtirom va mas’uliyatni nazarda tutganlar.
Biroq bugun global iqlim inqirozi va Markaziy Osiyodagi suv taqchilligi muammosi bizni o‘ta nozik va tahlikali pallaga olib keldi. Qozog‘iston zaminida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan konseptual g‘oyalar shunchaki ekologik choralar to‘plami emas, balki mintaqamizning kelgusi asrlardagi yashab qolish formulasi va yangi mintaqaviy integratsiya manifestidir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, 2040-yilga borib suv taqchilligi yiliga 20 milliard kub metrni tashkil etishi mumkinligi — bu shunchaki ekspertlarning bashorati emas, balki butun boshli daryolarning qurishi va millionlab insonlar taqdirining so‘roq ostida qolishi demakdir.
Bugungi kunning achchiq haqiqati shundaki, mintaqamiz suv resurslaridan foydalanish borasida dunyodagi eng samarasiz nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qishloq xo‘jaligida yaratilayotgan har bir dollarlik qo‘shilgan qiymat uchun sarflanayotgan suv miqdori jahon ko‘rsatkichlaridan ikki barobar ko‘pligi — bu bizning kelajak avlod rizqiga bo‘lgan munosabatimizning aksidir.
O‘zbekiston bu borada nafaqat tashabbuskor, balki tizimli islohotlar drayveri sifatida maydonga chiqib, amaliy natijadorlikni isbotlamoqda. Sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida tejamkor texnologiyalarning joriy etilishi va yillik 10 milliard kub metr suvning iqtisod qilinishi — bu nazariyadan amaliyotga o‘tishning eng yorqin namunasidir. Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Bu mintaqaviy hamkorlikni byurokratik tuzilmadan strategik integratsiya platformasiga aylantirish uchun tarixiy imkoniyatdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan oltita ustuvor yo‘nalish Jamg‘armaning yangilanish davrini boshlab beradi. Jamg‘armaning huquqiy bazasini modernizatsiya qilish, Qirg‘izistonning to‘laqonli ishtirokini tiklash va loyihalarni raqamli indikatorlar (KPI) asosida baholash tizimini joriy etish — bularning barchasi shaffoflik va natijadorlikka qaratilgan.
Eng muhimi, BMTning Orolbo‘yi trast fondi mandatini butun havzaga kengaytirish va Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali suv muammosiga ilm va innovatsiyalar bilan yechim topish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, Afg‘onistonni suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish tashabbusi O‘zbekistonning geosiyosiy mas’uliyati va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosatining mevasidir. Bu nafaqat Amudaryo havzasidagi adolatli muvozanatni ta’minlaydi, balki mintaqaviy xavfsizlikning yangi, mustahkam kafolatini yaratadi.
Biroq, har qanday yuksak texnologiya yoki xalqaro shartnoma agar jamiyatning, har bir fuqaroning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmas ekan, kutilgan natijani bermaydi. Prezident tomonidan ilgari surilgan "Kelajak suvi" dasturi va suvdan oqilona foydalanishni bizning "umumiy madaniy kodimiz"ga aylantirish g‘oyasi — bu ma’naviy inqilobdir.
Bolalar bog‘chasidan boshlab farzandlarimiz suvning har bir tomchisini Vatanni sevganday avaylashni o‘rganishi lozim. 2026-2036-yillarni "Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi" deb e’lon qilish tashabbusi esa O‘zbekistonning bu muqaddas kurashda naqadar qat’iy ekanini tasdiqlaydi. Biz suv muammosini shunchaki muammo emas, balki mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi, yangi innovatsion iqtisodiyotga undovchi imkoniyat sifatida ko‘rishimiz kerak.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, suv — bu taqdir demakdir. Bugungi qarorlarimiz, tejalgan har bir tomchi obi hayot ertaga farzandlarimizning chanqog‘ini qondiradi, dalalarimizning yashilligini va tinchligimizni ta’minlaydi. Samarqandda o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi insoniyatning tabiat bilan qayta yarashish makoniga aylanadi.
Prezidentimizning ushbu da’vati — bugungi va ertangi avlodlar oldidagi qarzimiz va mas’uliyatimizdir. Zotan, obi hayotni asrash — Vatanni asrash, tamaddunni saqlab qolish demakdir. Markaziy Osiyo faqat birlashgan holda, suvga bo‘lgan ehtiromni e’tiqod darajasiga ko‘targan holdagina Orol fojiasini yengib o‘tib, kelajakni yashil va farovon vohaga aylantira oladi.
Alouddin G‘afforov,
O‘zA