Suv ta’minoti sohasida “Navoiy viloyati tajribasi” o‘rganildi
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisining tashabbusi bilan suv ta’minoti sohasida “Navoiy viloyati tajribasi”ni o‘rganishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
“O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi barcha aksiyadorlik jamiyatlarining mas’ul xodimlari ishtirok etgan seminarda sohaga oid zamonaviy texnologiyalarni amaliyot orqali chuqur o‘rganish, mavjud tajribalarni tahlil qilish hamda bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar ishtirokchilari Navoiy shahri, Farovon mahallasi, Mahmud Tarobiy ko‘chasidagi 136-uyda bo‘lib, 68 ta xonadonga sinov tariqasida “Pilot” loyihasi asosida o‘rnatilgan zamonaviy smart suv hisoblagich uskunalarining ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

– “Navoiysuvta’minot” AJ tomonidan tajriba tariqasida ko‘p qavatli uyning barcha xonadonlariga o‘rnatilgan zamonaviy suv hisoblagichlarining ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdik, – deydi “Qashqadaryosuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Ahror Ashurov. – Ushbu uskunalar ma’lumotlarni masofadan turib uzatadi. Eng muhim jihati shundaki, qarzdorlik yuzaga kelganda tizim iste’molchini tarmoqdan avtomatik ravishda uzadi. Shuningdek, suv hisoblagichlari foydalanilgan xizmat hajmi haqidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda billing dasturiga onlayn tarzda yuborib boradi. Bu esa hisob-kitoblarning aniqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur texnologiya inson omilini kamaytirish, korrupsion holatlarning oldini olish, shuningdek, iste’molchilar uchun xizmatlardan ortiqcha ovoragarchiliklar va navbatlarsiz foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Seminar davomida masofadan ma’lumot uzatuvchi suv hisoblagichlari orqali iste’mol hajmini aniq hisobga olish, ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha debitor qarzdorlikni qisqartirish hamda xizmatlar uchun undirish ko‘rsatkichlarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarni tizimga keng joriy etish, hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashdagi muhim jihatlar yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilar “Navoiysuvta’minot” AJ tasarrufidagi “Navoiy suv ishlab chiqarish” inshooti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga suvni qabul qilish, uzatish va taqsimlash jarayonlari, tizimda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda sohada amalga oshirilayotgan samarali ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Mazkur inshootning asosiy suv manbasi Zarafshon daryosi hisoblanib, undan olinayotgan suv orqali Navoiy shahri, Karmana va Zafarobod hududlari aholisi, ijtimoiy ob’ektlar hamda sanoat korxonalari ichimlik, texnik va sug‘orish suvlari bilan ta’minlanadi, – deydi “Navoiy suv ishlab chiqarish” inshooti rahbari Xurshid Hotamov. – Inshootning bosh nasos stansiyasida elektr energiyasini tejash maqsadida 2 dona zamonaviy chastota boshqaruv qurilmasi o‘rnatilgan. Natijada elektr energiyasi sarfi 40 foizga qisqardi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida seminar ishtirokchilari energiya tejamkor texnologiyalar, suv ta’minoti tizimidagi ilg‘or tajribalar hamda resurslardan oqilona foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi.
Albatta, bu kabi amaliy seminarlar sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, tizim samaradorligini oshirish hamda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri