Energiya samaradorligi borasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar
Bugungi kunda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini qisqartirish va tarmoqlar samaradorligini oshirish mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu borada davlatimiz tomonidan yaratilayotgan huquqiy va tashkiliy asoslar amaliyotda o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustda qabul qilingan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonunida energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularning isrofini kamaytirish hamda sohaga ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Mazkur huquqiy hujjat ijrosini ta’minlash doirasida joylarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar izchil tashkil etilmoqda.

Jizzax viloyatida ham bu boradagi sa’y-harakatlar ilm va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Jizzax hududiy filiali mutaxassislari bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimi asosida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishmoqda.
Mazkur hamkorlik nazariya bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish, yosh mutaxassislarni real ishlab chiqarish muhitida tayyorlash bilan birga, hududlarda mavjud muammolarga ilmiy yechim topish imkonini ham yaratmoqda. Shu maqsadda viloyatning shahar va tumanlariga biriktirilgan mas’ul professor-o‘qituvchilar joylarga chiqib, elektr ta’minoti tizimidagi mavjud holatni atroflicha o‘rganmoqda, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

Ayniqsa, elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari hamda ishlab chiqarish korxonalaridagi elektr jihozlarining texnik holati chuqur tahlil qilinmoqda. O‘rganishlar jarayonida energiya samaradorligini oshirish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va mavjud yuklamalarni optimal taqsimlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadqiqotlarning dastlabki natijalari va ishlab chiqilgan tavsiyalar tegishli mutasaddi tashkilotlarga taqdim etildi. Shuningdek, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, tarmoqlar ishonchliligini mustahkamlash va energiya samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhimi, bu kabi ishlar faqat mavjud muammolarni bartaraf etishga emas, balki kelgusida energiya resurslaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, zamonaviy yechimlarni joriy etish va sohada ilmiy salohiyatni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyatida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlar izchil davom ettirilmoqda. Ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligi asosida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar esa energetika sohasining ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari