Suv omborlari xavfsizligi— dolzab masala
Jizzax viloyatidagi strategik ahamiyatga ega suv inshootlarining texnik holati va xavfsizligi yana bir bor chuqur va ilmiy asosda tahlil qilindi. Xususan, Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Jizzax” hamda G‘allaorol tumanidagi “Qorovultepa” suv omborlari mutaxassislar diqqat markazida bo‘ldi.
Mazkur o‘rganishlar Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti (TIQXMMI) professori A. Yangiyev rahbarligida amalga oshirildi. Ilmiy yondashuv va amaliy tajriba uyg‘unligi ushbu tadqiqotlarga alohida mazmun va salmoq bag‘ishladi.

Tekshiruv jarayonida suv omborlari to‘g‘onlarida o‘rnatilgan pezometrlar orqali yer osti suv sathlari joyida aniq o‘lchandi va ularning natijalari maxsus qayd jurnallari bilan sinchkovlik bilan solishtirildi. Olib borilgan tahlillar to‘g‘on tanasidan o‘tayotgan filtratsiya ko‘rsatkichlari amaldagi me’yoriy talablarga to‘liq mos kelishini ko‘rsatdi. Bu esa inshootlar barqarorligi va ishonchliligi ta’minlanayotganining muhim dalilidir.
Shu bilan birga, suv omborlari mas’ul xodimlariga filtratsiya jarayonlarini muntazam monitoring qilish, har bir o‘zgarishga ilmiy asosda yondashish bo‘yicha aniq va hayotiy tavsiyalar berildi. Ayniqsa, suvni to‘ldirish va bo‘shatish sikllariga, shuningdek, ularning tezlik rejimlariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Mutaxassislar fikricha, bunday izchil va puxta yondashuv suv omborlarining nafaqat bugun, balki kelgusida ham xavfsiz va samarali ishlashini ta’minlaydi. Zero, suv — hayot manbai, uni asrash va oqilona boshqarish esa barqaror taraqqiyotning eng muhim shartlaridan biridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA