Surxondaryoliklar Taxiatoshni obod va farovon tumanga aylantirmoqda
Prezidentimiz g‘oyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlariga viloyatlar biriktirilib, iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilangan.
Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan Taxiatosh tumanida qariyb 78 ming aholi yashaydi. Kambag‘alchilik darajasi 4,4 foizni, ishsizlik 5,2 foizni tashkil etadi. Ijtimoiy reyestrda turgan 1 ming 749 ta oilada 7 ming kishi istiqomat qiladi.
Janubdagi vohaga bog‘langan tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib, obod va farovon go‘shaga aylanmoqda. O‘tgan yillarda viloyat ko‘magida tumanda 100 milliard so‘mlikka yaqin bunyodkorlik ishlari bajarilib, investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, birgina “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida 1,5 milliard so‘mlik jundan gilam to‘qish sexi, 1,6 milliard so‘mga 50 o‘rinli “Nuroniylar choyxonasi”, 1,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga fuqarolar yig‘ini tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi binosi tubdan ta’mirlandi. “Abat makon” ovul fuqarolar yig‘inida 2,2 milliard so‘mlik 170 o‘rinli “Yoshlar bog‘i” ta’mirlanib, barcha sharoit yaratildi. Taxiatosh va Qo‘shchillik mahallari uchun yangi zamonaviy mahalla binolari qurib berildi.

Viloyat rahbarlari tumanda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar va yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishni, muammolarni o‘rganishni ham ajoyib an’anaga aylantirdi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bu galgi safari chog‘ida delegatsiya a’zolari bilan hududdagi yangilanishlarni ko‘zdan kechirdi. Kelgusi rejalar va amalga oshiriladigan yangi loyihalar bilan tanishdi. Mavjud imkoniyatlar va aniqlangan muammolar muhokama etilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar topshirildi, ijro muddatlari va amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Surxondaryoliklar taxiatoshlik bovurlar hayotini tubdan o‘zgartirishga astoydil bel bog‘lagan. Shu maqsadda hududlarni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allik darajasini pasaytirish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etishdek ulug‘vor rejalarni belgilab olgan. Masalan, hududning kambag‘allik darajasini pasaytirish uchun kambag‘al oila a’zolari kasbga o‘qitilib, ikki milliard so‘mga 30 xonadonga issiqxona barpo etib berildi. 20 ta xonadonda 500 tadan jo‘ja ochish quvvatiga ega inkubatorlar barpo etildi. Pillachilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun vohadan yetti ming tup tut ko‘chati va o‘n ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari olib borib ekildi. 100 gektar maydonga ishlov berilib, serdaromad ekinlar ekildi. 12 kilometr masofadagi zovur tozalanib, 19 chaqirim yangi ariq zovur qazildi. Og‘ir sharoitda yashaydigan 667 oila uy-joyining tom qismi yopilib, avariya holatdagi turar-joylari qayta qurib berildi.
Taxiatoshlik yoshlarning viloyatga kelib, voha yigit-qizlari bilan tajriba almashishi, ehtiyojmand oilalari farzandlarining Surxondaryoda yozgi ta’til kunlarini o‘tkazishi yo‘lga qo‘yildi.

– Qoraqalpog‘istondan biriktirilgan tuman aholisining salomatligini mustahkamlashga ham e’tibor qarata boshladik, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvohidov. – Shu yilning avgust oyida bir guruh eng tajribali shifokorlarimiz Taxiatoshda bo‘lib, ehtiyojmand oilalar vakillarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Kasallik aniqlangan bemorlarga statsionar va ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi. To‘rt nafar bemor jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilib, salomatligi qayta tiklandi.
Rivojlantirish strategiyasi joriy etilayotgan tumanda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami har taraflama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, ular o‘z qiziqishiga qarab, kompyuter jihozlari, tikuv mashinalari, payvandlash va boshqa qurilish uskunalari, inkubator, xizmat ko‘rsatish anjomlari bilan ta’minlanayotir.

Surxondaryolik tadbirkorlar o‘tgan yillarda qiymati 11 million dollarlik to‘qimachilik, issiqxonachilik va qurilish yo‘nalishlarida 8 ta loyihani ishga tushirib, 345 ta yangi ish o‘rni yaratdi. “Surxon Taxiatosh Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qiymati 9,7 million dollarlik tikuvchilik korxonasi barpo etilib, 200 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida korxona Rossiya Federatsiyasiga 600 ming dollarlik mahsulot eksport qildi.
Yil yakunigacha viloyat tadbirkorlari yana 10,6 million dollarlik oltita loyihani amalga oshirib, 265 ta yangi ish o‘rni yaratishni mo‘ljallamoqda. "Surxon sendvich” mas’uliyati cheklangan jamiyati 6,4 million dollar evaziga “Yoshlar sanoat zonasi”ni tashkil etib, qo‘shimcha yangi 70 ta ish o‘rni barpo etadi.
Endilikda tumandagi foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solib, aholi daromadlarini oshirish uchun Taxiatoshning 14 ta mahallasiga Surxondaryo viloyatining 15 ta tuman va shahar hokimlari biriktirildi. Ular har bir mahallaning holati va mavjud imkoniyatlarini birma-bir ko‘rib chiqib, salohiyatini o‘rgandi. Loyihalar belgilab olindi. Mahallalarning imkoniyat va kambag‘allik darajasi, aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib, bittadan surxondaryolik lider tadbirkor biriktirildi. Ular mahallalarda qiymati 40 million dollarlik 16 ta loyihani amalga oshiradi. Bu ishlarni amalga oshirishda eng og‘ir mahallalarni rivojlantirib, yangi O‘zbekiston qiyofasini yaratishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Tumandagi Obod Makon mahallasida 6 ming 800 kishi yashaydi. 103 ta kambag‘al oila, 161 nafar ishsiz fuqaro bor. Hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirish uchun Termiz shahridagi “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi mahalla markazida "Yangi O‘zbekiston" massivi loyihasi asosida “Surxon” massivini barpo etadi. Yuz oilaga mo‘ljallangan to‘rtta ko‘p qavatli uy qurib, ularning birinchi qavatida 32 ta xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtasi, 50 o‘rinli shinam mehmonxona bunyod etadi. Bu loyihaning amalga oshirilishi 150 kishining bandligini ta’minlaydi. Yangi ish o‘rinlarining 100 tasiga kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolari jalb etiladi. Ular hozirda kasb-hunar va ishbilarmonlikka o‘qitilib, ko‘nikmasi oshirilmoqda.
Mahallada amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarga kambag‘al oilalarni jalb etish hisobiga yil yakunigacha hududning kambag‘allik darajasini 50 foizgacha kamaytirib, mahallaning kambag‘allik darajasini hozirgi 5,1 foizdan 2 foizgacha kamaytirish va ishbilarmonlar mahallasiga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.
Viloyatdagi “Surxon sendvich” mas’uliyati cheklangan jamiyati Taxiatoshning Jayxun mahallasi hududida “Yoshlar XABI” va “Yoshlar sanoat zonasi”ni barpo etadi. Mahalladagi ijtimoiy reyestrga kiritilgan kambag‘al oilalar va 160 nafar ishsizlar to‘liq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga jalb etiladi. Loyihani amalga oshirish mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, kambag‘allik darajasini 5,6 foizdan 2,3 foizgacha tushiradi.

O‘rganishlar chog‘ida tumandagi Xalqlar Do‘stligi mahallasida uzumchilikni rivojlantirish uchun qulay sharoit borligi aniqlangan. Bu imkoniyatdan oqilona foydalanish uchun yuzta xonadonda Oltinsoy tumani misolida uzum parvarishlash yo‘lga qo‘yilib, doimiy yuz va mavsumiy 150 ish o‘rni yaratiladi. Mahalla binosi qayta ta’mirlanib, mahalla markazi qurib beriladi. Ushbu loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi yil yakunigacha mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, kambag‘allik darajasini 2 foizgacha tushiradi. Mahallada faqat ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi bor shaxslargina kambag‘al oilalar reyestrida qoladi.
Taxiatoshga Surxondaryo viloyatidan biriktirilgan tumanlar mahallalarga o‘zlarining rivojlanish yo‘nalishlarini joriy etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Mahallarda kreativ park, sport maydonlari qad rostlamoqda. Novvoychilik yo‘lga qo‘yilayotir. Jarqo‘rg‘on tumani misolida obodonlashtirish va muqobil energiyadan foydalanish, maktablarning bo‘sh turgan binolarida o‘quv markazlari, tayyorlov kurslari, savdo nuqtalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sutni qayta ishlash loyihasi, Sherobod tumani misolida yuz xonadonda anor yetishtirish, chorvachilik, issiqxonachilik, Sherobod tuz g‘ori va Boysun tumanidagi “Omonxona” dam olish maskanining o‘xshash nusxasi tashkil etilib, davolanish maskani, 300 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, 24/7 shoxobchalari, bolalar o‘yingohi, Sariosiyo tumani misolida yoshlar va turizm markazlari dunyoga mashhur “Sangardak” sharsharasining o‘xshash nusxasi qurilib, ishga tushiriladi. Uzun tumani misolida 150 ta xonadonda parrandachilik va qushchilik, Bandixon tumani misolida bog‘ tashkil etiladi.

Surxondaryo viloyati misolida mahallalarda yangi loyihalarning amalga oshirilishi Taxiatoshni Qoraqalpog‘istondagi eng rivojlangan, odamlari hayotidan rozi bo‘lib yashayotgan obod va farovon tumanga aylantiradi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri