Surxondaryoda jurnalistlar investitsiya loyihalari bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
«O‘zmilliybank» tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari hududdagi qator investitsiya va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab Uzun tumanida “Surxonim mitti erkatoylari” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tomonidan 100 o‘rinli xususiy bog‘cha tashkil etish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Qiymati 2,2 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha doirasida maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-28588]
Jarqo‘rg‘on tumanida “EL SHER MED” xususiy korxonasi tomonidan zamonaviy klinika tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus natijasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, xizmatlar sohasida “Kimyo savdo mineral qurilish” MCHJ tomonidan mehmonxona tashkil etish va uni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash loyihasi taqdim etildi. Loyiha doirasida quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Sanoat sohasida “Zilantex” MCHJ tomonidan ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi ham o‘rganildi. Unda zamonaviy texnologiyalar asosida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, bunday loyihalar hududda iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA