Xorazmda O‘zbekiston – Fransiya xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
Urganch davlat tibbiyot institutida klinik psixologiya, neyropsixologiya va psixomotor terapiya mavzusiga bag‘ishlangan nufuzli O‘zbekiston-Fransiya xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman klinik psixologiya, neyropsixologiya va psixomotor terapiya sohasidagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan. Unda ikki davlatning yetakchi olimlari sohadagi eng so‘nggi innovatsiyalar va zamonaviy davolash metodlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.
Tadbirda Fransiya va Rossiya davlatlaridan kelgan hamda mamlakatimizning professor-olimlari, shuningdek, Yevropa, AQSH, Turkiya, Baltika va MDH davlatlaridan tashrif buyurgan yetuk mutaxassislar o‘zlarining fundamental tadqiqotlari va klinik kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashib, dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.

– Mazkur forum sog‘liqni saqlash tizimini malakali klinik psixolog kadrlar bilan ta’minlash, ushbu yo‘nalishni davlat dasturlariga kiritish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan, – deydi Urganch davlat tibbiyot instituti rektori Rashid Ro‘ziboyev. – Ushbu forum ilmiy-amaliy tajriba almashish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va tibbiyot sohasida axborot almashinuvini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro forum davomida amaliy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan mahorat darslari tashkil etilib, talabalar va shifokorlar ishtirokida samarali davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, Amaliy mahorat darslari va klinik keys tahlillari yosh mutaxassislar uchun professional o‘sish imkoniyatini taqdim etdi.

Ushbu xalqaro muloqot nafaqat nazariy bilimlarni boyitishga, balki mintaqada psixomotor reabilitatsiya tizimini zamon talablari asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Bizning asosiy maqsadimiz psixomotorikani O‘zbekistonda rivojlantirish, – deydi fransiyalik professor-shifokor Jerard Ermant. – Chunki, bu soha yangi va bu yerda mutaxassislar soni yetarlicha emas. Shu sababli hamkorlik qilish uchun O‘zbekistonni tanladik. Anjumanda ellik yillik hamkorlik shartnomasini imzoladik. O‘zbekistonda keksalarda neyrogenerativ kasalliklar rivojlanishi va chaqaloqlarda klinik psixologik tibbiy ko‘riklarga ehtiyoj sezilyapti. Hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi bu muammolarni bartaraf etishga hamda ikki davlat professor-shifokorlari va tajribali psixologlari bilan tajriba almashishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur anjuman tibbiyot hamjamiyatini birlashtirib, zamonaviy davolash metodikalarini amaliyotga tatbiq etishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA