Surxondaryo sanoatida qaysi hudud yetakchilik qilmoqda?
Surxondaryo viloyatida bundan o‘n yil muqaddam ham agrar soha ishlab chiqarishning yetakchi tarmog‘i edi. Endilikda zamonaviy sanoat rivojlanib, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Sanoat tarmoqlarining barqaror rivojlanishi iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda vohada 3 ming 139 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Asosiy iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ularning 793 tasi boshqa nometall mineral mahsulotlar, 690 tasi oziq-ovqat mahsulotlari, 277 ta mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar, 247 tasi kiyim-kechak ishlab chiqarayotir.
Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida viloyatdagi sanoat korxonalarida 5477,2 milliard so‘mlik raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 108,3 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida Termiz shahri 562,3 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, vohada yetakchilik qildi. Denov tumanida 541,9 milliard, Jarqo‘rg‘onda 515,6 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, ikkinchi va uchinchi o‘rinlardan joy oldi. Tarmoqda Oltinsoy tumani 134,3 milliard so‘mlik, Qiziriq tumani 100,8 milliard va Boysun tumani 92,7 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, uchta eng quyi o‘rinni egalladi.

Viloyatda keyingi yillarda tekstil va to‘qimachilik, qurilish materiallari, ko‘mir qazib olish, oziq-ovqat va mebel kabi sanoat turlari rivojlanayotgani kuzatilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri