Superliga: “Navbahor” uchinchi o‘ringa ko‘tarildi
Muhim uchrashuvda kerakli natijaga erishgan “Navbahor” jamoasi ochkolari sonini 31 taga yetkazib, Superliga jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionati Superligasining 17-turi doirasida Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Toshkentning “Bunyodkor” klubini qabul qildi. G‘oyat qizg‘in, murosasiz va dramatik tarzda kechgan o‘yin gollarga boy bo‘lib, darvozalarga yettita to‘p kiritildi.
Yashil maydonni to‘ldirgan muxlislarning o‘ziga xos qo‘llab-quvvatlashidan ruhlangan mezbonlar faollik bilan boshladi. 5-daqiqada Muhammadali G‘iyosov hisobni ochgan bo‘lsa, 19-daqiqada esa keyingi turlarda “ishtahasi ochilayotgan” Husayn Norchayev penaltidan aniq foydalanib, farqni oshirdi.

Biroq birinchi bo‘limning oxirgi o‘n daqiqasida ustunlikni susaytirgan “Navbahor” vakillari darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi. O‘yinda tub burilishga intilgan “Qaldirg‘och”lar 38-daqiqada Sardor Abdunabiyevning jarima maydonchasi ichidan yo‘llagan ajoyib zarbasidan so‘ng, o‘rtadagi tafovutni qisqartirdi.
Ikkinchi taym avvalgisidan-da keskinlik tusini oldi. Goh u, goh bu darvozalarga gollar urildi. Bu go‘yoki “quvlashmachoq o‘yini”ni eslatib yubordi. 53-daqiqasida “Bunyodkor”ning rossiyalik legioneri Dmitriy Pletnev O‘tkir Yusupov qo‘riqlayotgan “Lochinlar” darvozasini “o‘qqa tutib”, hisobni tenglashtirdi.

Shundan so‘ng raqib jarima maydonchasi ichida xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan Temur Kapadze shogirlari ko‘p o‘tmay yana oldingi o‘tib olishdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Ruslanbek Jiyanov chap qanotdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, undan qaytgan to‘pni 63 daqiqada Diyor Xolmatov poytaxtliklarning italiyalik posboni Federiko Bottini dog‘da qoldirdi. Oradan bor yo‘g‘i yetti daqiqa ichida iroda ko‘rsatgan “Bunyodkor” zaxira kuchlari vakili Faxriddin Muhammadovning faolligi evaziga gol urib, o‘yin shiddatini yanada oshirdi.

Tabiiyki, jangovar durang natija ham maydon egalarini mutlaqo qoniqtirmasdi. Bu borada “Lochinlar”ga 89-daqiqada yuzaga kelgan eng hayajonli lahza asqotdi. Raqib jarima maydonida qo‘l bilan o‘ynash holati qayd etilib, “Navbahor” foydasiga 11 metrlik jarima to‘pi belgilandi. Penaltini Ruslanbek Jiyanov maromiga yetkazib ijro etib, namanganliklarga 4:3 hisobidagi qimmatli va ajoyib g‘alabani taqdim etdi.

E’tiborlisi shundaki, Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionga jamoalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 18 ming 782 nafar muxlis tashrifi kuzatildi. Qizig‘i o‘tgan turda ham Namanganda ishqiboz to‘plash borasida ham eng yuqori natija qayd etilgandi. O‘shanda “Navbahor” – “Surxon” uchrashuvini 17 ming 890 muxlis o‘yingohdan turib kuzatgandi. Demak, “Navbahor”chilar chiroyli o‘yinlari orqali muxlislarni yana stadionlar sari to‘liq holda o‘tirishini ta’minlamoqda.

Superligada avvalgi mavqeiga qaytayotgan “Navbahor” jamoasi navbatdagi turni o‘z maydonida 21-avgust kuni o‘tkazib, unda Qarshining “Nasaf” klubini qabul qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA