O‘zbek sporti tarixida o‘chmas iz qoldirgan bokschi
O‘zbek sporti yana bir buyuk namoyandasidan ayrildi. O‘zbekiston boksi tarixida o‘z nomi va uslubiga ega bo‘lgan mashhur sportchi, jahon chempioni va Olimpiada sovrindori Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi.
Rufat Risqiyev nomi o‘zbek boksi tarixida alohida o‘rin tutadi. Uning ringdagi faoliyati mamlakatimiz sportchilari xalqaro maydonda eng yuksak natijalarni qo‘lga kiritishi mumkinligini amalda namoyon etgan davr bilan chambarchas bog‘liq.
1949-yil 2-oktabrda Oqqo‘rg‘onda tavallud topgan Rufat Risqiyev boks bilan yoshligidan shug‘ullana boshladi. Uning sportdagi kamoloti Toshkentda kechdi. Keyinchalik u sobiq ittifoqning eng kuchli bokschilari safidan joy oldi.
R.Risqiyev uchun 1974-yil alohida ahamiyatga ega. Kubaning Gavana shahrida ilk bor o‘tkazilgan jahon chempionatida 75 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa u o‘zbek bokschilari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan dastlabki sportchilardan biri sifatida tarixga kirdi.
Oradan ikki yil o‘tib, Risqiyev Monreal Olimpiadasida ham finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi jangda amerikalik Maykl Spinksga qarshi ringga chiqqan o‘zbekistonlik bokschi musobaqani kumush medal bilan yakunladi. Bu natija uning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Risqiyevning sportdagi natijalari bundan ham salmoqli. U sobiq ittifoq chempionatlarida to‘rt marta g‘olib chiqqan, shuningdek, Spartakiada bahslarida ham chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bokschilik faoliyati davomida 189 ta jang o‘tkazib, 174 tasida g‘alaba qozongan.
Ringdagi jangovar uslubi va o‘ziga xos mahorati tufayli u «Toshkent yo‘lbarsi» sifatida tanildi. Bu laqab yillar o‘tishi bilan Risqiyevning sportdagi nomi bilan birga tilga olinadigan timsolga aylandi.
Katta sportdan ketganidan keyin ham Risqiyev boks bilan aloqani uzmadi. U murabbiylik qildi, hakamlik faoliyati bilan shug‘ullandi. Shuningdek, uning hayoti va sportdagi faoliyati kino ijodkorlariga ham ilhom berdi. Risqiyev «Ringga chaqiriladi...» filmida o‘z obrazini gavdalantirgan.
Uning xizmatlari davlat va sport jamoatchiligi tomonidan munosib e’tirof etildi. Rufat Risqiyev «Hurmat belgisi», «Buyuk xizmatlari uchun» va «El-yurt hurmati» kabi ordenlar bilan taqdirlangan.
Rufat Risqiyevning hayoti — katta sportdagi zafarlar, matonat va o‘zbek boks maktabiga sadoqat timsoli. U ringda qo‘lga kiritgan g‘alabalaridan tashqari, keyingi avlod sportchilari uchun ham boy meros qoldirdi.
Uning nomi o‘zbek sporti tarixida uzoq yillar davomida yashaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA