Superliga: “Andijon”ni Samarqandda jiddiy sinov kutmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 5-tur uchrashuvlari doirasida bugun 3 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda “Xorazm” – “Dinamo” (18:00), “Navbahor” — “Mash’al” (19:00) va “Nasaf” – “Andijon” (20:15) jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Shu o‘rinda, “Navbahor” — “Mash’al” va “Nasaf” – “Andijon” klublarining to‘qnashuvlari oldidan o‘zaro o‘yinlar statistikasini e’tiboringizga havola etsak.
Dastlab, Toshkent shahridagi “Olimpiya” stadionida o‘tadigan “Navbahor” — “Mash’al” klublarining milliy chempionatimizdagi o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak. Bu jamoalar chempionat bahslarida 40 marotaba to‘qnash kelgan. Ularning 16 tasida "Mash’al", 15 tasida esa "Navbahor" zafar quchgan. Qolgan 9 o‘yin durang bilan yakunlangan.

Muborakliklar raqib darvozasini 47 bor ishg‘ol qilib, 54 ta gol o‘tkazib yuborgan. Ularning 2025-yilgi mavsumda o‘tkazgan ilk uchrashuvida “Navbahor” 6:0 hisobida o‘z maydonida g‘alaba qozongan bo‘lsa, so‘nggi bahsda hisob ochilmagan.
Ayni damda “Navbahor” Superliga jadvalida 6 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda bormoqda. "Mash’al" esa hamon ochkosiz qolgan holda eng so‘nggi pog‘onada qolmoqda.
Endi esa Samarqanddagi “Dinamo” stadionida bo‘lib o‘tadigan “Nasaf” – “Andijon” jamoalarining o‘zaro o‘yinlariga to‘xtalib o‘tamiz. Klublar shu kunga qadar milliy chempionat doirasida 48 bor o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularda “Andijon” 7-marta, “Nasaf” esa 28 bor g‘alaba qozongan. Yana 13 uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati esa 100/52 - qarshiliklar foydasiga.
O‘tgan mavsumda jamoalar har ikki davrada ham bir xil — 1:1 hisobida durang qayd etgani bilan yodda qolgan. “Andijon”ning “Nasaf” ustidan so‘nggi g‘alabasi esa 2023-yilga to‘g‘ri kelib, o‘shanda jamoa Qarshida 1:0 hisobida muvaffaqiyatga erishgan.
Darvoqe, kuni kecha milliy chempionatimizning 5-tur uchrashuvlari doirasida “Bunyodkor” 2:0 hisobida “Lokomotiv”ni yengdi. Uchrashuvdagi gollarga Boburbek Yo‘ldoshev (14), Marko Bugarin (44) mualliflik qildi. “So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912” uchrashuvi jangovar 2:2 hisobida yakunlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA