Sun’iy intellekt jurnalist o‘rnini bosa oladimi? – Mutaxassis javob berdi
Bugungi kunda sun’iy intellekt jurnalistika sohasida axborotni tezkor yig‘ish, tahlil qilish va auditoriyaga samarali yetkazishda muhim vositaga aylanmoqda. U katta hajmdagi ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida saralab, faktlarni tekshirish, statistik tahlil qilish va material tayyorlash jarayonlarini yengillashtiradi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt jurnalistlarga vaqtni tejash, dolzarb mavzularni aniqlash hamda multimedia kontent yaratish imkoniyatini beradi. Ammo texnologiya inson ijodkorligi va tahliliy fikrlash o‘rnini to‘liq bosa olmaydi, aksincha, jurnalist faoliyatini yanada samarali va zamonaviy qilishga xizmat qiladi.
Xo‘sh, bu haqda Alfraganus universiteti Filologiya fakulteti Sharq filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi, fan doktori (DSc) Normurod Avazov qanday fikrda? Ustoz bilan suhbatimiz aynan jurnalistikada sun’iy intellektning ahamiyati haqida bo‘ldi.
– Bugungi raqamli davrda sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar axborotni juda tez tarqatmoqda, – deya so‘z boshladi N.Avazov. – Bu esa tahliliy jurnalistika oldiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, sun’iy intellektning jurnalistika sohasiga kirib kelishi bir tomondan qulaylik yaratgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ayrim muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Chunki, bugungi yosh jurnalistlar va muxbirlar ko‘pincha sun’iy intellektga haddan tashqari ishonib qolmoqda. Natijada mustaqil fikrlash, tahlil qilish, matn yozish va uni tahrirlash qobiliyati asta-sekin sustlashib bormoqda.
Aslida esa haqiqiy jurnalist har qanday axborotni chuqur o‘rganib, uni tahlil qila olishi kerak. Sun’iy intellekt faqat yordamchi vosita bo‘lishi mumkin, ammo u jurnalistning ijodkorligi va tafakkurini almashtira olmaydi. Ayniqsa, tahliliy jurnalistikada faktlarni tekshirish, manbalarni solishtirish va xulosalarni asosli berish juda muhim hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ko‘plab tekshirilmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar tez tarqaladi. Shu sababli, jurnalist har bir ma’lumotga tanqidiy yondashishi zarur.
Bundan tashqari, matn ustida ishlash va tahrir san’atiga ham alohida e’tibor qaratish kerak. Chunki, kuchli tahliliy maqola faqat ma’lumot bilan emas, balki chuqur fikr, savodli yondashuv va to‘g‘ri tahlil bilan qadrlanadi. Agar bo‘lajak jurnalistlar o‘z ustida ishlasa, kitob o‘qisa, kuzatuvchan va izlanuvchan bo‘lsa, ular sun’iy intellektga to‘liq qaram bo‘lib qolmaydi. Demak, bugungi davrda tahliliy jurnalistikaning ishonchliligini saqlab qolish uchun mustaqil fikrlash, faktlarni tekshirish, tahrir madaniyati va ijodiy yondashuv eng muhim omillar hisoblanadi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlik ortidan quvish jurnalistikaning sifatiga qanday ta’sir qilmoqda va bu holat professional jurnalistikaning kelajagiga xavf tug‘dirmaydimi?
– Ayrim blogerlar va internet saytlarida faoliyat yuritayotgan shaxslar jurnalist etikasi va estetikasi qoidalariga to‘liq rioya qilmayotgani ham kuzatilmoqda. Natijada sensatsiya ortidan quvish, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatish va “oldi-qochdi” gaplarni ommaga yetkazish holatlari ko‘paymoqda. Eng xavfli tomoni shundaki, ba’zan xalq orasida haqiqiy professional jurnalist bilan oddiy blogerni ajratish qiyin bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli, professional jurnalistikaning rivojiga alohida e’tibor qaratish zarur. Ayniqsa, yosh jurnalistlarni matn bilan ishlash, janr va tahrir sirlarini mukammal o‘rganishga yo‘naltirish kerak. O‘zbek jurnalistikasida Xurshid Do‘stmuhammad, Ahmadjon Meliboyev va Dadaxon Nuriy kabi mahoratli jurnalistlarning faoliyati yoshlar uchun katta maktab hisoblanadi.
Shuningdek, Abdulla Qahhor va G‘afur G‘ulom kabi ijodkorlarning publitsistik merosini o‘rganish ham kelajak jurnalistlari uchun muhim ahamiyatga ega. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlik ortidan quvish professional jurnalistikaga ma’lum xavf tug‘diradi, ammo haqiqiy bilim, tajriba va jurnalist etikasi saqlanib qolsa, professional jurnalistika o‘z mavqeini yo‘qotmaydi.
– Korrupsiya yoki iqtisodiy manfaatlar bilan bog‘liq mavzularni yoritishda jurnalist qanday yo‘l tutish zarur? U tahdidlardan qanday himoyalanadi?
– Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar qanday ishlashi kerak, korrupsiya va siyosat bilan bog‘liq mavzularni qay tarzda yoritishi lozim, degan savol tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, hozirgi murakkab va tezkor axborot davrida jahonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar, siyosiy jarayonlar va ijtimoiy masalalar ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilmoqda. Bu esa jurnalistdan katta mas’uliyat, bilim va mahorat talab qiladi.
Avvalo, har bir jurnalist o‘z sohasining qonuniy asoslarini mukammal bilishi kerak. Ayniqsa, xalqaro huquq, Konstitutsiya va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunlarni chuqur o‘rganishi muhim hisoblanadi. Chunki, jurnalist siyosiy yoki korrupsiya bilan bog‘liq mavzularni yoritishda faqat aniq faktlar va qonuniy asoslarga tayanib ish olib borishi lozim.
Savolingizga kelsak, agar jurnalist qonunlarni yaxshi bilsa, u o‘z fikrini erkin va ishonchli tarzda ifoda eta oladi hamda turli bosim va noto‘g‘ri ayblovlardan o‘zini himoya qila oladi. Shu ma’noda, jurnalist xalqning ishonchli vakili va u bunday mas’uliyatni har qanday vaziyatda his eta olishi zarur.
Baxtibek Mamasodiqov suhbatlashdi,
O‘zA