Gulnora nominatsiya g‘olibi bo‘ldi
Inson salomatligini asrashdek sharafli va mas’uliyatli sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan o‘rta tibbiyot xodimlarining kasbiy mahorati yana bir bor yuksak baholandi. Oliy hamshiralik ishi mutaxassisligiga ega hamshiralar, shuningdek, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘z sohasining munosib vakillarini aniqlab berdi.
Quvonarlisi, nufuzli tanlovda Jizzax viloyati vakili ham munosib ishtirok etib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xususan, “Yilning eng yaxshi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati o‘rta tibbiyot xodimi” nominatsiyasi g‘olibligi Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Paxtakor tuman bo‘limi sanitariya shifokorining yordamchisi Gulnora Gulboyevaga nasib etdi.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati, aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi sidqidildan xizmatlari, kasbiga sadoqati va yuksak mas’uliyati mazkur e’tirofning mustahkam asosiga aylandi. Bu nafaqat bir mutaxassisning yutug‘i, balki Jizzax tibbiyotida shakllangan tajriba, mehnatsevarlik va inson qadrini ulug‘lash tamoyillarining amaliy ifodasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri