Sulton Husaynning bo‘z tulpori yoxud temuriylar saroyini lol qoldirgan voqea
Sulton Husayn Boyqaro davrida bir tulporning o‘limi saroy ahlini qanday og‘ir sinovga duchor qilgani va bu vaziyatdan chiqish uchun topilgan oqilona yechim kishilarni hayratga solib keladi.
Saltanat ko‘rki va hukmdor hamrohi
Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davri (1469–1506) Turon tarixida nisbiy tinchlik, madaniy taraqqiyot va ilm-fan rivoji bilan ajralib turadi. Ayniqsa, poytaxt – Hirot shahri Sharqning eng ko‘rkam va ilm-ma’rifat o‘choqlaridan biriga aylandi. Bu davrda hukmdorning shaxsiyati, uning dunyoqarashi va qiziqishlari butun saltanat hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasdi. Sulton Husaynning Ashhab ismli (arabchadan tarjima qilganda “bo‘z”, “targ‘il” ma’nolarini anglatuvchi) tulporiga bo‘lgan alohida mehri ham ana shunday, hukmdor shaxsiyati orqali tarixga muhrlangan yorqin lavhalardan biridir.
Turkiy davlatchilik an’analarida ot shunchaki ulov yoki jang vositasi emas. U chavandozning eng yaqin hamrohi, uning ijtimoiy mavqei, qudrati va obro‘sining ramzi sanalgan. Hukmdorning oti esa butun saltanatning ko‘rki, uning harbiy qudratining timsoli edi. Ashhab ham podshoh uchun ana shunday yuksak qadrga ega bo‘lgan. U ko‘plab harbiy yurishlar va to‘qnashuvlarda Sulton Husaynga sodiq hamroh bo‘lgan. Shu sababli podshohning unga bo‘lgan munosabati oddiy bir jonzotga bo‘lgan mehrdan ancha yuqori turar, bunda ramziy ma’no ustuvorlik qilardi.
“Chaqmoq suratli” tulpor tavsifi
Ashhabning shon-shuhrati uning tashqi ko‘rinishi va g‘ayrioddiy qobiliyatlari bilan bog‘liq afsonaviy tavsiflarda yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Davrning atoqli muarrixi Zayniddin Vosifiy o‘zining mashhur “Badoye’ ul-vaqoye’” (“Ajoyib voqealar”) asarida bu otni batafsil tasvirlaydi. Unga ko‘ra, Ashhab oqu qora tusli, o‘ta kelishgan va go‘zal, ayni paytda mislsiz darajada uchqur bo‘lgan. Vosifiy uning tezligini tasvirlar ekan, aql bovar qilmas bir qiyos keltiradi: “Unga mingan odam biror tomonga kamondan o‘q otgudek bo‘lsa, uning ortidan ot solganda, u ot nishondan o‘tgandan keyin o‘q o‘sha mo‘ljalga yetib kelib tegar edi”.
Bu tasvir, shubhasiz, mubolag‘aga asoslangan. Biroq uning zamirida chuqur mazmun yotadi. Bu o‘rinda otning jismoniy imkoniyatlarini o‘lchash emas, balki uning timsoliy qiymatini, uning podshoh qudratiga nechog‘li mos ekanini ko‘rsatish maqsadi birinchi o‘rinda turgan. “O‘qdan o‘zar tulpor” timsoli orqali muallif Sulton Husaynning harbiy yurishlaridagi shiddati, uning dushman ustidan qozongan g‘alabalarining tezkorligi va muqarrarligiga ishora qilgan.
Navoiyshunos olim Qodirjon Ergashevning ma’lumot berishicha, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida ham Ashhabning ta’rifi keltirilishi bu otning o‘z davri madaniy hayotida qanchalik muhim o‘rin tutganidan dalolat beradi. Navoiy hukmdor madhiga bag‘ishlangan bobda uning otini ham alohida sharaflaydi: “Ashhabi rang ichra bo‘lub barqfom, Rangi nekim, po‘yada ham barqgom”.
Bu baytda shoir Ashhabning rangi va harakatini chaqmoqqa mengzaydi. “Barqfom” (chaqmoq rangli) va “barqgom” (chaqmoq qadamli) so‘zlari orqali uning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki yugurishi ham chaqmoqdek shiddatli bo‘lganiga urg‘u beriladi. Navoiy uning nafis yo‘rg‘alashini tog‘ kakligining (kabki dari) yurishiga qiyoslab, Ashhabning oldida hatto bu go‘zal qush ham oddiy bir zog‘ (qarg‘a) kabi ko‘rimsiz bo‘lib qolishini ta’kidlaydi. Bu badiiy tasvirlar orqali Navoiy Ashhabning shunchaki tezyurar ot emas, balki o‘zida kuch va go‘zallikni mujassam etgan mukammal bir jonzot ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, shoir bu tulpor podshohning jangovar shoni, uning “yuz tuman a’do cherikin sindurgan” (yuz minglab dushman qo‘shinini mag‘lub etgan) jasoratining ajralmas bir qismi ekanini alohida qayd etadi.
Kishilik tarixidagi mashhur otlar
Shu o‘rinda qayd etish joizki, hukmdorlarning o‘z otlariga bo‘lgan alohida munosabati jahon tarixida ko‘p uchraydigan hodisa. Bunday otlar ko‘pincha o‘z egalarining shon-shuhrati bilan chambarchas bog‘lanib, tarix va afsonalarning bir qismiga aylangan. Bu borada eng mashhur misollardan biri, shubhasiz, Makedoniyalik Aleksandrning Butsefal ismli otidir. Rivoyatlarga ko‘ra, yosh Aleksandr hech kim bo‘ysundira olmagan yovvoyi bir otni o‘zining soyasidan qo‘rqayotganini payqab, uni quyoshga qarata burish orqali jilovlaydi. Bu hodisa Aleksandrning otasi, shoh Filipp Ikkinchini hayratga solib, o‘g‘liga qarata: “O‘g‘lim, o‘zingga munosib boshqa bir saltanat qidir, Makedoniya sen uchun torlik qiladi”, deyishiga sabab bo‘ladi. Butsefal Aleksandrning Hindistongacha bo‘lgan barcha harbiy yurishlarida hamroh bo‘ladi va jangda halok bo‘lgach, buyuk sarkarda o‘z oti sharafiga Butsefala shahriga asos soladi.
Boshqa bir o‘ta keskin misol Rim imperatori Kaligula va uning Insitat laqabli oti bilan bog‘liq. Tarixchilarning yozishicha, Kaligula o‘z otini shu darajada yaxshi ko‘rganidan unga marmardan otxona qurdirgan, fil suyagidan oxur yasatgan, qimmatbaho yopinchiqlar yopgan va hatto uni o‘zining nomidan mehmonlarni taklif qiladigan darajaga yetkazgan. Ayrim manbalarda Kaligula o‘z otini konsul etib tayinlamoqchi bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi. Garchi bu voqea Kaligulaning aqldan ozgani yoki Rim senatini masxara qilish niyatining ifodasi sifatida talqin qilinsa-da, u hukmdorning o‘z otiga bo‘lgan munosabati orqali siyosiy kuch namoyishining cho‘qqisini ko‘rsatadi.
Ashhab tarixini ushbu misollar bilan taqqoslar ekanmiz, temuriylar saroyidagi muhitning o‘ziga xosligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Aleksandr va Butsefal voqeasi sarkardaning yoshligidagi donoligi va taqdiri azaldan belgilanganiga urg‘u bersa, Kaligula va Insitat hodisasi cheksiz hokimiyatning mantiqsizlikka aylanishini ko‘rsatadi. Ashhab atrofidagi voqealar esa butunlay boshqa bir jihatni – hukmdorning hissiyotlari va saroy ahlining aql-zakovati o‘rtasidagi nozik muvozanatni ochib beradi. Bu yerda ot nafaqat kuch yoki boylik ramzi, balki yuksak aqliy madaniyat va donishmandlik sinaladigan bir vositaga aylanadi.
Hukmdor g‘azabi va saroy ahli uchun sinov
Taqdir taqozosi bilan Hirotda otlar orasida o‘lat kasalligi tarqaladi. Har kuni o‘nlab otlarning nobud bo‘layotgani haqidagi xabarlar miroxo‘r (otxona boshlig‘i) tomonidan podshohga yetkazib turilardi. O‘z davri uchun bunday epidemiya nafaqat iqtisodiy zarar, balki saltanatning harbiy qudratiga jiddiy zarba berishi mumkin bo‘lgan ofat edi. Sulton Husaynning sevimli oti Ashhab ham bu kasallikka chalingach, podshohning tashvishi yanada ortadi. Vosifiyning yozishicha, hukmdor xotiri parishon bo‘lib, qattiq g‘azab bilan shunday deydi: “Kimki Ashhab o‘ldi, degan xabarni kelib aytadigan bo‘lsa, uni ikki nimta qilgum...”
Bu farmon, bir tomondan, podshohning o‘z otiga bo‘lgan chuqur mehri va uni yo‘qotishdan qattiq qo‘rqqanining ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, saroy ahlini o‘ta mushkul ahvolga solib qo‘ygan edi. Xabar ovoza bo‘lgach, saroyda og‘ir sukunat cho‘kadi. Ashhabning ahvoli soat sayin og‘irlashar, ammo hech kim bu haqda podshohga og‘iz ochishga botina olmasdi. Bu o‘rinda gap faqatgina bir otning taqdiri haqida emas, balki hukmdorning g‘azabi va u aytgan so‘zning muqarrarligi haqida ketayotgan edi. Saroy ahli imkonsiz bir vazifa qarshisida qolgandi: hukmdorga haqiqatni aytish ham, yashirish ham mumkin emasdi.
Tadbir va aql-zakovat imtihoni
Ittifoqo, shu kuni Ashhab jon beradi. Miroxo‘r dahshatga tushib, amir Bobo Mahmud ismli donishmand va tadbirkor saroy amaldorining oldiga yordam so‘rab keladi. U agar bu xabarni o‘zi yetkazsa, hayotidan judo bo‘lishi muqarrarligini aytib, bu mushkul vazifani amirning o‘ziga havola qiladi. Bobo Mahmud bu og‘ir yukni o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘ladi. Bu uning nafaqat jasorati, balki o‘z aqli va so‘z san’atiga bo‘lgan yuksak ishonchidan dalolat edi.
Bobo Mahmud hukmdor huzuriga kirib, ta’zim bajo keltiradi. Sulton Husayn undan Ashhabning ahvolini so‘raydi. Shunda amir o‘rnidan turib, tiz cho‘kadi-da, gapni uzoqdan boshlaydi: “Shohim, doimo davlatu sha’nu shavkatingiz raxshi egar ostida tamkinu iqbolli... bo‘lgay! Ittifoqo, axtaxona eshigidan o‘tar ekanman, Ashhabni ko‘rdim. Ajab odat paydo va g‘aroyib yo‘l ixtiro qilibdi”.
Bu so‘zlarning o‘ziyoq podshohning diqqatini tortadi. Bobo Mahmud “Ashhab o‘ldi” degan dahshatli jumla o‘rniga “ajab odat” va “g‘aroyib yo‘l” kabi so‘zlarni ishlatib, vaziyatni yumshatadi va hukmdorda qiziqish uyg‘otadi. So‘ngra u “yangi odatlar”ni bir-bir sanab bera boshlaydi: “Somonu arpa aslo yemaydi, suv ichmaydi. Uxlab, harakat qilmay yotadi. Nafas ham olmaydi!”.
Bu tasvirda Bobo Mahmud biror marta ham yolg‘on so‘z ishlatmaydi. U shunchaki o‘limning alomatlarini – yeb-ichmaslik, harakatsizlik va nafas olmaslikni – otning o‘zi ixtiyor qilgan “yangi odatlar” sifatida taqdim etadi. U so‘zning qudratidan foydalanib, mudhish haqiqatni aytmasdan turib, uning to‘liq manzarasini chizib beradi. U mas’uliyatni o‘z zimmasidan Sulton Husaynning o‘ziga yuklaydi – xulosani podshohning o‘zi chiqarishi uchun zamin yaratadi.
Bu gapni eshitgan Sulton Husayn ham oddiy hukmdor emasdi. U so‘z qadrini biladigan, nozik ishoralarni tushunadigan, yuksak farosat egasi edi. U amirning maqsadini darhol anglaydi va achchiq bir kulgi bilan: “Nimalar demoqdasan; unda Ashhabim o‘libdi-da!” – deya xitob qiladi.
Shu lahzada Bobo Mahmud yana bir bor ta’zim qilib, o‘zining donishmandligini namoyon etadi: “Siz bu mudhish xabarni aytish yo‘lini tahdid va qo‘rqitish to‘sig‘i bilan bog‘lagan edingiz. Illo, oqibatda o‘zingiz shu ma’nidan xabar berdingiz va bu mushkulni barchaning boshidan ko‘tardingiz”. Bu so‘zlar bilan u nafaqat o‘zini oqlaydi, balki podshohning o‘zi muammoni yechganini ta’kidlab, uning obro‘sini yanada yuqoriga ko‘taradi.
Donishmandlik ustun kelgan xotima
Sulton Husayn Boyqaro o‘z amirining tadbiri va zakovatidan qattiq ta’sirlanadi. Vosifiyning yozishicha, g‘azablanish o‘rniga, uzoq kuladi va marhum otni izzat-ikrom bilan kafanlatib dafn etishga, uning xotirasiga ta’ziya oshi berishga buyruq beradi. Bu xotima butun voqeaning eng muhim nuqtasidir. U Sulton Husayn saroyidagi muhitni, o‘sha davr qadriyatlarini ochib beradi. Bu muhitda ko‘r-ko‘rona itoatkorlik emas, balki aql-idrok, hozirjavoblik va nozik farosat yuqori qadrlangan. Hukmdor o‘z g‘azabidan ham yuqoriroq turadigan qadriyat – donishmandlik qarshisida bosh egadi.
Shunday qilib, Ashhab otining tarixi shunchaki bir jonivor haqidagi voqea emas. Bu – temuriylar davlatining so‘nggi bosqichidagi madaniy yuksaklik, so‘z san’atining naqadar qadrlangani, hukmdor va uning atrofidagilar o‘rtasidagi murakkab, ammo aqlga asoslangan munosabatlarning namoyonidir. Ushbu voqea bizga ajdodlarimizning nafaqat qilich bilan, balki so‘z va tadbir bilan ham buyuk ishlarni amalga oshirganini, ular uchun aql-zakovat har qanday kuchdan ustun turuvchi qadriyat bo‘lganini eslatib turadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA