Bitiruvchi yoshlarga medallar topshirildi
Qoraqalpog‘iston san’at saroyida umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallarga tamomlagan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, barcha bitiruvchi yoshlarni qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator farmon, qonun va qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2022-yil 31-avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida har yili qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani ko‘ngillarga alohida faxr tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Bugungi kunda yoshlarni bilimli, jismoniy tomondan sog‘lom insonlar etib tarbiyalash va kamolga keltirish – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shuning uchun ham yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va ularni munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor natijasida ular orasidan ko‘plab iste’dodli, yurtimizni dunyoga tanitadigan yoshlar yetishib chiqmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar natijasida bitiruvchilar orasidan muddatidan oldin oliy o‘quv yurtlariga kirish baxtiga erishayotgan yoshlar soni ortib bormoqda.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli 735 ta ta’lim muassasasini, Prezident, ijod va 19 ta ixtisoslashtirilgan maktabni jami 27 ming 615 nafar yosh bitirdi. Ular orasida 338 oltin, 98 kumush medal sohibi bor. Shuningdek, 450 nafar bitiruvchi muddatidan oldin oliy o‘quv yurtlariga talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Tantanali tadbir davomida bitiruvchilarga oltin va kumush medallar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari