Sudda qatnashmagan mansabdor shaxslarga jarima qo‘llash mexanizmi joriy etiladi
Ma’muriy sudlar fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. 2017-2024 yillarda ma’muriy sudlar tomonidan 102 mingdan ortiq ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 60 foizi qanoatlantirilgan.
Endilikda xorijiy tajribadan kelib chiqib, ma’muriy sudlarning o‘rni va roli yanada kuchaytirilmoqda. Jumladan, ma’muriy sudlarga sudga hurmatsizlik va sudning xususiy ajrimi talablarini bajarmaslik holatlari bo‘yicha ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda.
Ma’muriy sud ishlarini yuritishda ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi joriy etilib, dastlabki eshituv instituti tatbiq qilinadi.
Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi aniq belgilanmoqda. Mansabdor shaxslarning ma’muriy sudda majburiy ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, sud majlislarida uzrsiz qatnashmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimasini qo‘llash mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, ma’muriy sudlarning qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, dastlabki eshituv natijasida ariza ko‘rmasdan qoldirilgan taqdirda to‘langan davlat bojini qaytarish tartibi belgilanmoqda.
[gallery-27186]
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda. Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA