Sud tizimida yangi davr boshlanmoqda
Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025 yil 21 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu borada muhim qadam hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘zlagan nutqida odil sudlovga erishish uchun sud ishlarini to‘liq raqamlashtirish, inson omilini kamaytirib, sun’iy intellektdan keng foydalanish borasida faol ish olib borililayotganini alohida ta’kidladi.
Yangi farmon nafaqat sud jarayonlarini raqamlashtirish, balki sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish va inson omilini minimallashtirishni maqsad qilgan. Boisi, hozirgi amaliyotda sud tizimida fuqarolar va tadbirkorlar uchun bir qator muammolar mavjud. Jumladan;
– Byurokratik to‘siqlar va qog‘ozbozlik: ariza yoki da’vo berish jarayonida fuqarolar hujjatlarni to‘plash, notarial tasdiqdan o‘tkazish va rasmiylashtirishda ko‘p vaqt va mablag‘ sarflamoqda.
– Sud ishlarining cho‘zilishi: qarorlar kech qabul qilinadi, ma’lumotlar ochiq va tushunarli emas. Bu esa jamiyatda sud tizimiga nisbatan ishonchsizlikka olib keladi.
– Texnologik inqiroz: sud jarayonlari asosan an’anaviy tartibda o‘tkazilib, masofaviy ishtirok etish imkoniyatlari cheklangan.
Shu bois, farmonda belgilangan chora-tadbirlar sud tizimini raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Xususan, 2025 yil yakunigacha Toshkent shahrida tajriba sifatida “Raqamli sud” konsepsiyasi joriy etiladi. Barcha murojaatlar elektron shaklda yuboriladi va ishlar elektron tarzda ko‘riladi. Bu fuqarolarni qog‘ozbozlikdan xalos etib, tezkor va qulay xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Shuningdek, sud jarayonlarida masofadan turib ishtirok etish huquqi kengaytiriladi. Sud xarajatlari va sud hujjatlari elektron tarzda shakllantiriladi. Eng muhimi, sun’iy intellekt yordamida sud muhokamalarining taxminiy natijalari va xarajatlari haqida oldindan ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Tergov organlari va sud axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Ma’muriy jazolar bo‘yicha barcha ma’lumotlar to‘liq elektron shaklda yuritiladi. Sudlar ortiqcha ma’lumotlarni talab qilmaydi, chunki ular “Raqamli hukumat” platformasi orqali mavjud ma’lumotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ega bo‘ladi. Bu esa fuqarolarga ko‘plab qulaylik va imkoniyat yaratadi.
Kelgusi yildan boshlab my.sud.uz portali orqali aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish, sun’iy intellekt asosida virtual maslahatchi orqali murojaatlarga javob berish tizimi joriy etiladi. Bu tizim huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, sud tizimini raqamlashtirish faqat dasturiy emas, balki infratuzilmaviy islohotlarni ham talab etadi. Jumladan, farmonga ko‘ra, 2030 yilgacha 162 ta yangi sud binolari quriladi, 82 tasi rekonstruksiya qilinib, 93 ta bino kapital ta’mirdan chiqariladi. Shuningdek, yangi binolarda zamonaviy sud zallari, raqamli uskunalar va qulayliklar yaratiladi.
Farmon bilan iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari tugatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda asosiy maqsad – sudlar faoliyati samaradorligini oshirish va mavjud axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yutuqlardan maksimal foydalanish orqali tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi global raqamlashtirish va sun’iy intellekt davrida sud tizimini modernizatsiya qilish – zamon talabi. Prezident farmonida belgilangan chora-tadbirlar fuqarolarning huquqlarini kafolatlash, sudlarning faoliyatini oshirish, shaffoflik va adolatli qaror qabul qilish jarayonlarini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Sud tizimida inson omilini kamaytirish, korrupsiyani cheklash, raqamli yechimlar orqali tezkor va qulay xizmat ko‘rsatish – bugungi islohotlarning asosiy mohiyatidir.
Zaxriddin TO‘RAEV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Chirchiq tumanlararo sudi raisining o‘rinbosari.
O‘zA