Narpayda yangi davr boshlandi (+video)
Shu yilning 18-mart kuni davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Narpay tumanida ham bo‘lib, hududda islohotlarning borishi bilan tanishgan edi. Unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish va mavjud muammolarni hal etish yuzasidan zarur topshiriqlar berish bilan birga salmoqli mablag‘ ajratilishini ham bildirgandi.
– Davlatimiz rahbarining tumanimizga tashrifi yangi islohotlarni amalga oshirishga asos bo‘ldi, buning uchun juda katta mablag‘lar ajratildi, – deydi Narpay tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Sherali Aliyev. – Bu mablag‘larning aksariyat qismi aholi farovonligi va daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, har bir oila hayotini o‘zgartirishga yo‘naltirilmoqda. Buni ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari, qurilish-infratuzilma inshootlar qurilishida, tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengaytirilayotganida ko‘rishimiz mumkin. Prezidentimizning tumanimizda maxsus sanoat zonasi tashkil etish uchun 100 gektar yer ajratish to‘g‘risida topshiriq berishlari Narpayda katta voqeadir. Qisqa fursatda bu yerlar toifasi o‘zgartirilib, qaror qabul qilindi va sanoat zonasida zarur infratuzilma yaratishga 89 milliard so‘m mablag‘ berildi.
Bundan tashqari,, joriy yilda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 360 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi va bu mablag‘ barcha – 53 ta mahalla bo‘yicha taqsimlanib, hokim yordamchilari tomonidan mikroloyihalar shakllantirilmoqda. Kredit, subsidiya, ssuda shaklida oilalarga ajratilib, mahalla bankirlari orqali har bir oilagacha kirib bormoqda. Bu bilan mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga erishilmoqda.
Tashrif chog‘ida tumanga biriktirilgan tijorat banklariga sun’iy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini “diagnostika” qilish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni ko‘paytirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirig‘i berilgan. Shu asosida mahallalarning 25 tasi qulupnaychilik, 28 tasi parrandachilik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilib, birinchi bosqichda 19 ta mahallada amaliy ishlar boshlandi. Qulupnaychilik yo‘nalishida 7 ta mahallada 200 ta oilani qamrab olish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 72 oilaga 2,4 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ijtimoiy reyestrda turadigan 100 ta oilaga “Maroqand sifat” klasteri homiyligi asosida bir sotixli issiqxonalar qurib berilib, bu issiqxonalarda qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Aynan ushbu klaster tomonidan 33 ta kambag‘al oilaga ona-bola sigir berildi.
12 mahalladagi 200 ta kambag‘al oila esa parrandachilikka yo‘naltirilib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi ta’minlanadi. Buning uchun Samarqand tumanidagi “Navobod parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan hamkorlikda 15 ming bosh parranda parvarishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda jo‘ja va uning ozuqasi ham mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan xonadonga yetkaziladi, ularni parvarishlash uchun maslahat va tavsiyalar beriladi. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullangan oila 40-45 kunda kamida 8-10 million so‘m daromad qilishi mumkin.
Bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida yilning birinchi yarmida tumanda ishsizlik darajasi 4,9 foizdan 4,1 foizga, kambag‘allik darajasi 5 foizdan 2,1 foizga kamaydi.
[gallery-30604]
Umuman, birinchi yarim yillikda tumanda o‘sish sur’atlariga erishildi. Jumladan, sanoat ishlab chiqarishi 110,3 foizga, xizmatlar hajmi 118,2 foizga, qishloq xo‘jaligi 105,4 foizga, qurilish hajmi esa 139 foizga yetdi. 6,1 million dollarlik eksport rejasi amalda 7,7 million dollarga bajarildi. Birgina “Narpay tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3,2 million dollarlik tayyor trikotaj mahsulotlari eksport qilindi.
Shu paytgacha tumanda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ko‘p yetishtirilsa-da, uni qayta ishlash ko‘rsatkichi deyarli yo‘q edi. Joriy yilning o‘zida bu borada uchta loyiha amalga oshirilib, 2 ta muzlatkichli omborxona, yiliga 3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash korxonasi tashkil etilmoqda. Xususan, “Narpay invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatning meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qayta ishlash loyihasi uchun 5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinib, korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilmoqda. 70 ta yangi ish o‘rni yaratilayotgan mazkur korxona yaqin kunlarda faoliyat boshlashi kutilmoqda.
– Yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirish orqali eksportni ko‘paytirish eng muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi, – deydi Sh.Aliyev. – Bu borada yilning ikkinchi yarmida investitsiya dasturi asosida 17 ta loyihani amalga oshirish va sanoat ishlab chiqarish hajmini 1,6 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, xizmatlar hajmi 1,8 trillion so‘mga, chakana savdo hajmi 2,3 trillion so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish esa 3,4 trillion so‘mga yetkaziladi. Yil yakuniga qadar belgilangan barcha ko‘rsatkichlarni bajarish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etiladi.
– Bu yil tumanimizda barcha dasturlar asosidagi qurilishlarga 397 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Narpay tumani hokimi o‘rinbosari Dostonbek Ziyodullayev. – Yaqin yillarda buncha katta mablag‘ ajratilmagandi. Masalan, o‘tgan yil 140 milliard so‘m berilgandi. Bu yil esa birgina investitsiya dasturi asosida 13 ta ob’ektga 75 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta tibbiyot muassasasida qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, shu paytgacha 800 o‘quvchi ta’lim olayotgan 410 o‘rinli 31-maktabning mavjud binolari kapital ta’mirlanib, 270 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilyapti. Xuddi shunday, 21-maktabda ham mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tumanimiz markazi – Oqtosh shaharchasi aholisini bir necha yillardan buyon ichimlik suvi va oqova tizimi muammosi qiynab kelardi. Shaharchadagi 10 ta mahallaning uchtasida markazlashgan ichimlik suv tarmog‘i tortilmagan ham edi. Bori ham o‘tgan asr 60 yillarida qurilgani sababli, bugunga kelib deyarli yaroqsiz holga kelib qolgandi. Oqtosh shaharchasida ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimini yaxshilash uchun 80 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Ayni paytda 49 kilometr suv, 18 kilometr oqava tarmog‘i yangilanmoqda. Shu paytgacha mavjud bo‘lgan 2 ming kub oqavani qayta ishlash quvvatiga ega tozalash inshooti yonida, yangi, sutkasiga 5 ming kub oqavani tozalash imkonini beradigan inshoot qurilmoqda. Mazkur loyihani kelgusi yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari M-37 “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” va D-075 avtomobil yo‘li kesishmasi – Mirbozor chorrahasida piyodalar uchun yer osti o‘tish joyi qurilishi xalqimizning ko‘p yillik orzusi edi. Bu masalada ham davlatimiz rahbari tashrifi bayonidan o‘rin olib, 20 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va hozirda tunnel qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Ushbu ob’ekt Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
M-37 avtomagistrali yoqasida joylashgan Charxin mahallasida yo‘l bo‘yi infratuzilmasi uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari tashkil etilmoqda. Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida bu yil 127 xonadonli 3 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilib, urbanizatsiya darajasi 30 foizga yetkaziladi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun 45 ta transformator, 60 kilometr yangi tarmoq tortish ishlari olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat rahbarining Narpayga tashrifi tuman hayotida yangi davrni boshladi va eng muhimi, bu yangilanish bir yoki ikki yillik emas, hududning keyingi barqaror rivojlanishiga katta turtki bergan uzoq muddatli harakatga aylanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hGy-cGKBID8" title="Narpay taraqqiyotiga katta turtki bеrildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video), O‘zA muxbirlari